Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-dekabrdagi 663-sonli qarorining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan o‘quv seminarlari tashkil etilmoqda.
Mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan mazkur tadbirlarda Adliya vazirligi hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududiy boshqarmalari, Davlat xizmatlari markazlari, mahalliy hokimliklar, davlat ishtirokidagi korxonalar va davlat muassasalari, tadbirkorlik subyektlari vakillari ishtirok etishmoqda.
Xususan, o‘quv seminarlarida O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuni va Vazirlar Mahkamasining “Davlat ishtirokidagi xo‘jalik yurituvchi subyektlarni, shuningdek, ularning affillangan shaxslarini va xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish vakolatlari berilgan davlat muassasalarini tashkil etishda (qayta tashkil etishda) monopoliyaga qarshi organning dastlabki roziligini olish tartibi to‘g‘risidagi nizomini tasdiqlash haqida” qabul qilingan qarori, unga kiritilgan o‘zgartirishlar haqida soha mutaxassislari tomonidan to‘liq ma’lumot berib o‘tildi.
Xo‘sh, Qaror bilan Nizomga davlat ishtirokidagi korxonalar va ularning affillangan shaxslarini tashkil etishda (qayta tashkil etishda) yo‘l qo‘yilmaydigan o‘zgartirishlar nimalardan iborat?
Nizomga kiritilgan o‘zgartirishlarda quyidagilar belgilab berilgan:
–besh va undan ortiq xususiy tadbirkorlik subyekti tovar yoki moliya bozorida faoliyat yuritib kelayotgan, raqobat rivojlangan sohalarda davlat ishtirokidagi korxona va uning affillangan shaxslari tashkil etilayotgan bo‘lsa;
-davlat ishtirokidagi korxonalarning raqobat rivojlangan sohalarda o‘z asosiy faoliyatiga bog‘liq bo‘lmagan qo‘shimcha faoliyat bilan shug‘ullanishi rejalashtirilayotgan bo‘lsa;
-davlat ishtirokidagi korxonalar tomonidan raqobat rivojlangan sohalarda xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ustav fondida (ustav kapitalida) ishtirok etishi yoki undagi ulushni olishi rejalashtirilayotgan bo‘lsa.
Raqobat qo‘mitasining hududiy organlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Raqobat qo’mitasi hamda Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyati boshqarmalari tomonidan joylarda o‘tkazilgan tadbirlar orqali ishtirokchilar o‘z faoliyatlari uchun tegishli bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishdi.
Bunday o‘quv seminarlari respublikamiz bo‘ylab davom ettirilmoqda.