Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi vakillari Rossiya Federatsiyasi Monopoliyaga qarshi kurashish federal xizmatining taklifiga asosan, joriy yil 16-18-fevral kunlari Qozon shahrida Antimonopol siyosat boʻyicha davlatlararo kengash huzuridagi Reklama boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengashning navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishida ishtirok etdi.
Mazkur tadbir Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi ishtirokchi davlatlarining reklama faoliyatini tartibga solish sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimning MDH davlatlari hukumatlari rahbarlari tomonidan imzolanganining (2003-yil 19-dekabr, Moskva shahri) 20 yilligi munosabati bilan tashkil etildi.
Kengaytirilgan yigʻilish doirasida “Ochiqlik, ijtimoiy masʼuliyat siyosatini shakllantirish, nufuzning oʻlchovi va boshqaruvi” mavzusida ilmiy-amaliy seminar oʻtkazildi.
Ushbu seminarda reklama sohasining dolzarb masalalari va muammolari faol muhokama qilindi. Xususan, moliyaviy xizmatlar reklamasida sodir boʻlayotgan qonunbuzarliklar, bolalarni nomaqbul reklamadan, umuman, fuqarolarni chalgʻituvchi reklamalardan qanday himoya qilish haqida baxs-munozara qilindi. Oʻz-oʻzini tartibga solish va jamoatchilik nazorati vositalarini yanada faolroq qoʻllash muhimligi ilgari surildi.
Tadbir yakunida seminarning asosiy mavzusi, kengash aʼzolari va ishtirokchilar tomonidan bildirilgan takliflar asosida Kengashning yaqin istiqbolga moʻljallangan ish rejasi ishlab chiqildi.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Axborot xizmati