Joriy yilning 27-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi va Ridetech International B.V. (Yandex Taxi) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuv Ridetech International B.V. vakillari bilan 2022-yil 1-noyabrdagi uchrashuvning mantiqiy davomi hamda 2023-yil fevral oyida Qo‘mita tomonidan jo‘natilgan so‘roviga mazkur kompaniyaning javoblari tahlili yuzasidan tashkil etildi.
Mazkur uchrashuvda Yandex Taxi raqamli informatsion xizmatlarni taqdim etuvchi platformaning O‘zbekistondagi faoliyati, mazkur xizmatlar bozoridagi raqobat muhitiga ta’siri, iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish maqsadida olib borilayotgan ishlar, sohadagi dolzarb muammolar va ularning еchimlari hamda rivojlanish istiqbollari haqida fikr almashildi.
Jumladan, uchrashuv davomida:
- Kompaniyaning O‘zbekiston bozoriga kirib kelishi, bozorga kirishdagi marketing siyosati va bozordagi raqobat muhitiga ta’siri;
- Kompaniyaning MDH davlatlaridagi faoliyati;
- Rossiya bozorida 2017-2018-yillardagi Yandex raqamli platformasining yirik raqobatchilaridan biri bo‘lgan Uber platformasi bilan birlashish bo’yicha tuzilgan bitimning boshqa MDH davlatlaridagi, shu barobarida O‘zbekistondagi raqobat muhitiga ta’siri;
- Yandex Go va Yandex Pro ilovalarining ishlash sikli, narxni hisoblash algoritmik mexanizmlari, tariflar kategoriyasi hamda sutkaning “tig‘iz vaqt zonasi” («часы пик»)da naxlarning shakllanish mexanizmlari;
- Mamlakat hududida kompaniyaning mahalliy taksi parklar bilan hamkorligi;
- Iste’molchilarga xizmat ko‘rsatish sifati;
- Platforma foydalanuvchilarining huquqlarini himoya qilishga qaratilgan mexanizmlarni milliy qonunchiligimiz bilan xalqaro normalarni hisobga olgan holda muvofiqlashtirish mexanizmlari;
- Raqamli bozorlarni tartibga solish vositalarini ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
Shu bilan birga, uchrashuvda mamlakatimizda mazkur holdingning yana bir mahsuloti – Yandex Eats platformasi faoliyati, uning bozorga kirishda foydalanilayotgan marketing strategiyalarining raqobatga ta’siri bo‘yicha ham alohida to‘xtalindi.
Kompaniya vakillari tomonidan Yandex Go va Yandex Pro ilovalari taksi haydovchilari va yo‘lovchilar uchun onlayn ma’lumot berish platformasi ekanligi va taksi xizmatlarini ko‘rsatilishida mahalliy taksi parklarning boshqa raqamli platformalar bilan hamkorlik qilishiga cheklovlar mavjud emasligi ta’kidlandi.
Shuningdek, Yandex kompaniyasi vakillari oldingi uchrashuvda Qo‘mita tomonidan ilgari surilgan tashabbuslardan biri – yo‘lovchilar va xaydovchilarni xavfsizligini ta’minlash maqsadida ularni sug‘urtalash amaliyoti joriy yilning 1-aprelidan joriy etilishi to‘g‘risida ma’lum qildi.
Shu bilan bir qatorda, uchrashuv davomida kompaniya tomonidan Qo‘mitaga yuborilgan javob xati yuzasidan tegishli muhokama va tushuntirish jarayonlari bo‘lib o‘tdi. Mazkur bozorda raqobat muhitini to‘laqonli tahlil qilish uchun kompaniyaning O‘zbekistondagi faoliyati haqida tegishli ma’lumotlar olindi va Qo‘mitaga qo‘shimcha ravishda iste’molchilar huquqlariga va Yandex va Uber platformalari birlashishiga oid ma’lumotlarni taqdim etilishi bo‘yicha kelishib olindi.
Uchrashuv so‘ngida Ridetech International B.V. vakillari tomonidan Qo‘mitaning mazkur sohada raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huqularini himoya qilish maqsadida bozorni keng qamrovli o‘rganish jarayonlari hamda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlanishi ta’kidlab o‘tildi.
Hozirda bozordagi raqobat holati jihatidan to‘liq xulosa berish maqsadida mazkur raqamli informatsion xizmatlarni taqdim etuvchi boshqa ishtirokchilar faoliyati yuzasidan keng ko‘lamli o‘rganish ishlari amalga oshirilmoqda. Qo‘mita tomonidan ushbu xizmatlar bozorida o‘rganish yakunlari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi.
USHBU TADBIRDA JAMOATCHILIK KENGASHI AʼZOLARI ISHTIROK ETISHDI