Bugungi kunda oziq ovqat mahsulotlarining sifati, narxi, xavfsizligi eng dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.
Bu bo‘yicha o‘tkazilayotgan o‘rganishlar va murojaatlar bilan ishlash jarayonlarida savdo markazlarida mahsulot qadog‘ida yaroqlilik muddatlari va ma’lumotlari ko‘rsatilmagan, mahsulot sifati past va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligiga javob bermayotganligi aniqlanmoqda.
Jumladan,
Buxoro viloyati misolida
Buxoro viloyati hududiy boshqarmasiga kelib tushgan fuqaro murojaatida “NUROVA SANOVAR” xususiy korxonasiga qarashli savdo do‘kondan xarid qilingan “OREO” pechenyesining yaroqlilik muddati tugaganligi sababli ushbu holat yuzasidan tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirishda amaliy yordam so‘ragan.
Boshqarma tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish natijasida “NUROVA SANOVAR” xususiy korxonasi tomonidan “OREO” pechenyesining yaroqlilik muddati o‘tgan bo‘lsa-da sotilganligi sababli, O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 11-moddasiga asosan, xususiy korxonaga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atildi.
Namangan viloyati misolida
Namangan viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan iste’molchilardan kelib tushgan murojaatlar asosida o‘tkazilgan o‘rganishda savdo do‘konlarida jami 110 turdagi 338 dona yaroqlilik muddati o‘tgan va ishlab chiqarilgan sanasi ko‘rsatilmagan oziq-ovqat mahsulotlari aniqlanib, tegishli tartibda O‘zbekiston Respublikasi “Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonunning 17-moddasi talablari asosida vakolatli organga yo‘q qilish uchun yuborildi.
Shu bilan birga vakolatli organning tegishli xulosasiga asosan savdo do‘konlari rahbarlariga ma’muriy bayonnomalar tuzilib sud organlariga yuborildi.
Samarqand viloyati misolida
Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan aholini sifatli oziq-ovqat bilan ta’minlash yo‘nalishida bir qancha murojaatlarga asosan ushbu sohada faoliyat olib borayotgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar o‘rganildi.
Natijada, 10 ga yaqin savdo do‘konlarida tegishli kamchiliklar aniqlanib, hamkor tashkilot vakillari bilan birgalikda tushuntirishlar va ogohlantirishlar berildi.
Bundan tashqari, fuqaro murojaatiga asosan «RASHIDOV SHERALI ABDUXAMIDOVICH» YATT tegishli savdo do‘konlarida mavjud 15 turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining yaroqlilik muddati o‘tganligi aniqlanib, tegishli tartibda ta’sir choralari ko‘rildi.