Raqobat qo‘mitasi tomonidan yuqori likvidli va (yoki) monopol turdagi mahsulotlarni birja savdolari orqali sotuvchi klasterlar tomonidan ushbu turdagi mahsulotlarni birja savdolariga qo‘yilishi va birja savdolarida narxlarni sun’iy oshishini oldini olish bo‘yicha nazorat o‘rnatilib, kunlik va oylik monitoring kuzatuvlari olib borilmoqda. Qashqadaryo viloyatida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida, “CHIROQCHI-KLASTER” MCHJ va “KITOB IP YIGIRUV” AJlar tomonidan quyidagi holatlar: umumiy 8 ming 310 tonna mahsulotni birja savdolariga chiqarmasdan, to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida sotilishi; jadvallarda nazarda tutilgan muddatlarda birjaga mahsulotni qo‘ymaslik yoki uni kam hajmda yoxud muvofiq bo‘lmagan hajmda qo‘yish; mahsulotlar bo‘yicha jadvallarni belgilangan muddatda birjaning rasmiy veb-saytiga joylashtirmaslik, hamda birja savdolarini o‘tkazish chog‘ida raqobatni cheklaydigan yoki cheklashga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlar aniqlangan. Yuqoridagilarga ko‘ra, o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida 2 ta klaster korxonalarda jami 3,2 mlrd so‘m asossiz olingan daromadlar aniqlandi. Mazkur holatlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuni talablari buzilishi alomatlari bilan, shuningdek Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 18-martdagi 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari asosida qonun buzilishiga yo‘l qo‘ygan klasterlarga nisbatan Qo‘mita tomonidan tegishli tartibda ish qo‘zg‘atilib, natijasi yuzasidan ortiqcha olingan mablag‘ni ixtiyoriy ravishda qaytarish va qonun buzilishini bartaraf etish maqsadida bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.
Ushbu yangilik bilan boʻlishish