Qarshi shahrida Respublika ixtisoslashtirilgan Ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining hududiy filiali barpo etildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 24-oktabr kuni Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida ushbu muassasani borib ko‘rdi.
Joriy yil 8 sentyabrda davlatimiz rahbarining “Onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika aholi reproduktiv salomatligi markazi, Respublika Ona va bola skrining markazi negizida Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga aylantirilmoqda. Shuningdek, qarorda mazkur markazning 14 ta hududiy filiallari tashkil etilishi belgilangan.
Qashqadaryodagi ushbu muassasa hamma talablarga javob beradigan dastlabki shunday markazlardan biri.
Qariyb to‘rt gektarlik hududda to‘rt qavatli zamonaviy binolar barpo etilgan. Barcha bo‘limlar eng so‘nggi rusumdagi ilg‘or texnika va uskunalar bilan jihozlangan. Yurtimizda viloyatlar miqyosida hali bunday ulkan va zamonaviy tibbiyot markazi yo‘q, deyish mumkin.
Bu yerda 200 o‘rinli viloyat perinatal markazi, 200 o‘rinli shahar tug‘ruqxonasi, 50 qatnovli skrining markazi va 50 qatnovli reproduktiv markaz yagona majmuada jamlandi. Tug‘ish yoshidagi hamda homilador ayollarga tug‘ruq va tug‘ruqdan keyingi davrlarda bitta markazda ixtisoslashgan tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoni yaratildi. Markaz ishga tushgach, bu yerda bir yarim ming nafar tibbiyot xodimi faoliyat olib boradi.
Davlatimiz rahbari bu yerdagi sharoit va qulayliklar bilan tanishdi. Germaniya, Belarus va boshqa mamlakatlar bilan hamkorlik doirasida shifokorlarning malakasini oshirish, markazda profilaktika va davolashning ilg‘or uslublarini joriy etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Kelgusida markazda yiliga 8 ming nafardan ziyod patologik tug‘ruqlarni qabul qilish imkoni yaratiladi. Bu ko‘plab onalar hayotini saqlishda muhim.
Markazda, shuningdek, kaminvaziv va laparoskopik amaliyot turlari 42 taga yetkaziladi. Tubektomiya, kistoektomiya, miomoektomiya va ventrofiksatsiya amaliyotlari yo‘lga qo‘yiladi. O‘smir qizlar, ayollarning reproduktiv salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom onalikka tayyorlashdan boshlab, homiladorlikda antenatal parvarish, skrining, tug‘ruq hamda keyingi ona va bola parvarishi jarayonlari bir joyning o‘zida tashkil etiladi.
Markaz 860 dan ortiq mahalla doyalari bilan muntazam aloqada bo‘ladi. Yagona elektron baza orqali viloyatning barcha hududlaridagi homiladorlar va tug‘ish yoshidagi ayollar qamrab olinadi. O‘n yettita markaziy ko‘p tarmoqli poliklinika tarkibidagi ayollar maslahatxonasi va o‘n sakkizta tug‘ruq majmuasi bilan aloqa o‘rnatiladi.
Bu orqali markaz xavf omillari aniqlangan ayollarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazadi, ularni davolaydi hamda zarur hollarda respublika darajasidagi tibbiyot muassasalariga yo‘naltiradi. Nikohlanuvchilar, homilador va tug‘ish yoshidagi ayollar hamda chaqaloqlarni molekular tibbiy-genetik tekshiruvlardan o‘tkazadi. Irsiy kasalliklar aniqlangan bolalarni maxsus dori vositalari va oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlaydi.