Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining Toshkent shahar hududiy boshqarmasida Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 33 yilligi munosabati bilan “QADRING BALAND BOʻLSIN, ONA TILIM!” mavzusidagi tilshunos olimlar va yozuvchilar bilan uchrashuv hamda seminar-trening boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti masʻul xodimi R.Tursunov, Davlat tilida ish yuritish va malaka oshirish markazi direktori I.Azimov, Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi direktori A.Eminovlar ishtirok etishdi.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 21.10.2020-yildagi “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6084-son Farmoni va boshqa davlat tiliga oid normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati, tashkilotlarda davlat tilida ish yuritish, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar haqida aytib oʻtishdi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi masʼul xodimi A.Xolmirzayev “Reklama toʻgʻrisida”gi yangi tahrirdagi qonunga kiritilgan oʻzgarish va qoʻshimchalar, xususan Reklama matnining davlat tilida berish qatʼiy belgilanganligi, “Reklama toʻgʻrisida” va “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonun hujjatlariga nomuvofiq oʻrnatilgan tashqi yozuvlarni bartaraf etish borasida Qoʻmita tomonidan amalga oshirilayotgan faoliyati haqida maʼlumot berdi.
Tadbirning ikkinchi qismida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2020 — 2025-yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2020-yil 14-dekabrdagi 781-son qaroriga asosan hududiy boshqarmada oʻtkazilgan “Eng faol kitobxon” tanlovida faol ishtirok etgan xodimlar taqdirlandi.