Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Toqaev davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev hamrohligida qadimgi Xivaning Ichan-qal’a majmuasi tarixiy obidalari va Nurillaboy saroyini ziyorat qildi.
“Ochiq osmon ostidagi muzey” sifatida tanilgan Xiva yaxlit yodgorlik sifatida Markaziy Osiyoda saqlanib qolgan yagona shahardir. Bu erda 120 dan ortiq me’moriy obidalar joylashgan.
1990-yilda Xiva shahri YuNESKOning Jahon merosi roʻyxatiga kiritilgan, 1997-yilda uning 2500-yilligi nishonlangan. 2020-yilda shahar Turkiy dunyoning madaniy poytaxti deb e’lon qilindi, 2024-yilda esa islom dunyosining turizm poytaxti boʻldi.
Nurillaboy saroyi XX asr boshlarida bunyod etilgan. Majmua madrasa, 100 dan ortiq xonalar, galereyalardan iborat. Saroy xonalarini bezashda nafaqat xivalik mohir ustalar, balki chet ellik rassom-dekoratorlar ham ishtirok etganlar, ular saroyning sharqona qiyofasiga Evropaning modern uslubini singdirganlar. Xonalarning ichki koʻrinish, kaminlari, Venesiya oynalari va tilla suvi yugurtirilgan bronzadan ishlangan, billur ilgakli qandillari bilan ajralib turadi.
Xiva tarixi va uning fan rivojiga qoʻshgan hissasi, shuningdek, hududning boy madaniyati va san’ati haqidagi hikoyalar qozogʻistonlik mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.