O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13 iyul kuni Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi Tashqi aloqalar qo‘mitasi raisi Fuat Oktay boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv avvalida Fuat Oktay O‘zbekiston yetakchisiga uning Prezident saylovidagi ishonchli g‘alabasi munosabati bilan qardosh Turkiya Prezidenti va xalqining samimiy tabriklarini yetkazdi.
Turkiya tomoni O‘zbekiston Prezidentining aholi farovonligini oshirish va mamlakatning xalqaro nufuzini mustahkamlashga qaratilgan pragmatik siyosatini yuksak baholashi va to‘liq qo‘llab-quvvatlashi qayd etildi.
Muzokaralar chog‘ida parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish hamda oliy darajada qabul qilinayotgan qarorlar ijrosi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Davlatimiz rahbari parlamentlararo hamkorlik guruhlarini tashkil etish va tegishli “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish yuzasidan erishilgan kelishuvlarni olqishladi.
Shuningdek, uchrashuvda o‘zaro savdo hajmini oshirish va aviaqatnovlarni ko‘paytirish, istiqbolli investitsiya loyihalarini ilgari surish, qo‘shma madaniy-gumanitar tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha muvofiqlashgan choralar ko‘rilishi muhim ekani ta’kidlandi.