O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSHga amaliy tashrifi doirasida “Cintana” kompaniyasi rahbari Duglas Bekker bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Ushbu kompaniya Arizona davlat universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan bo‘lib, dunyoning 30 mamlakatida faoliyat yuritadi, universitetlarda ta’lim sifatini oshirish bilan shug‘ullanadi.
“Cintana” asoschisi va raisi Duglas Bekker Arizona davlat universiteti bilan hamkorlikda mamlakatimizda Amerika texnologiyalar universitetini tashkil etish ustida ish olib bormoqda.
2024-yildan boshlab sog‘liqni saqlash, injiniring, arxitektura va dizayn kabi yo‘nalishlarda malakali kadrlar tayyorlashni boshlash ko‘zda tutilgan.
Davlatimiz rahbari ushbu rejalarni ma’qullab, O‘zbekiston ta’lim sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun qulay sharoitlar yaratishga tayyorligini bildirdi.