O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Germaniyaga tashrifi doirasida 3-may kuni ushbu mamlakatning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy institutlari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Germaniya tomonidan tadbirda Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi, Germaniya-O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi, Germaniya energetika agentligi, “CLAAS”, “Knauf”, “Siemens Energy”, “Lasselsberger”, “Aurubis”, “Linde Group”, “Gunter Papenburg”, “Falk-Porsche-Technik”, “Mangold Consulting”, “DB Engineering”, “Landesbank”, “Commerzbank”, “KfW Bank”, “Deutsche Bank” kabi o‘ttizga yaqin eng yirik kompaniya va banklar rahbarlari qatnashdi.
Bunday formatdagi muloqot ilk bor 2019-yil yanvarida, davlatimiz rahbarining GFRga rasmiy tashrifi doirasida bo‘lib o‘tgan edi.
Natijada O‘zbekistonda iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha bir qator yuqori texnologik loyihalar ishga tushirildi, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklik sezilarli ravishda faollashdi.
O‘zbekiston Prezidenti uchrashuvni ochar ekan, Germaniya bilan munosabatlarda yuksak ishonch va o‘zaro hurmat qaror topganini alohida qayd etdi. Yurtimizda germaniyalik hamkorlar ishtirokida umumiy qiymati 5 milliard yevrodan ziyod 60 dan ortiq loyiha amalga oshirilmoqda.
Oxirgi yillarning o‘zida Germaniya investitsiyalari hajmi 4 milliard yevroni tashkil qildi, qo‘shma korxonalar soni ikki barobarga ko‘paydi. O‘zbekistonda “CLAAS”, “Knauf”, “Gunter Papenburg”, “Linde Group” va “Falk-Porsche-Technik” kabi Germaniya iqtisodiyotining “lokomotivlari” muvaffaqiyatli ish olib bormoqda.
O‘zbekiston tomonidan Bosh vazir raisligidagi Germaniya-O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi hamkorlikni muntazam muvofiqlashtirib borishning muhim mexanizmiga aylandi.
Prezidentimiz ushbu tashrif davomida erishilgan muhim kelishuvlar va istiqbolga mo‘ljallangan rejalarni amalga oshirishda asosiy rolni aynan ishbilarmon doiralar o‘ynashi mumkin va lozimligini qayd etdi.
Xususan, kuni kecha o‘tgan O‘zbekiston-Germaniya biznes forumi doirasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va texnologik sheriklikni kengaytirish bo‘yicha 9 milliard yevrolik yangi savdo, moliya va investitsiya bitimlari imzolandi.
“Yashil” energetika, transport infratuzilmasini rivojlantirish, metallurgiya, suv ta’minoti, qishloq xo‘jaligi, kimyo, tog‘-kon, avtomobil, to‘qimachilik, elektrotexnika sanoati va boshqa yo‘nalishlardagi katta loyihalar shular jumlasidan.
Bank-moliya sohasida, shu jumladan Germaniyaning “Deutsche Bank”, “Commerzbank”, “KfW” va “Landesbank” kabi eng yirik banklari bilan loyihalarni moliyalashtirish borasidagi hamkorlikni kengaytirish rejalashtirilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston jahon iqtisodiyotidagi keng ko‘lamli va jiddiy tebranishlar sharoitida Germaniya biznesi uchun samarali va ishonchli makon bo‘lishga tayyorligini ta’kidladi.
Shu maqsadda investorlar uchun zarur sharoitlar va noyob imkoniyatlar, qulay fiskal tizim yaratilgan – soliqlar soni kamaytirildi, QQS stavkalari pasaytirildi, bir qator bojxona bojlari bekor qilindi. Ma’muriy islohotlar amalga oshirildi.
O‘zbekiston Respublikasining yangi Konstitutsiyasiga muvofiq, xususiy mulk daxlsizligi kafolatlari kuchaytirildi, davlat halol raqobat va sud tizimi mustaqilligi uchun sharoit yaratishiga oid qoidalar aniq mustahkamlab qo‘yildi.
Endilikda investorlarning huquqlari ta’minlanishi va ularning sudda himoya qilinishi davlat tomonidan kafolatlanishi alohida qayd etildi. Bundan buyon tadbirkorlar emas, davlat idoralari o‘z qarorlarining qonuniyligini isbotlashga majbur. Shuningdek, yuzaga keladigan har qanday noaniqliklar investorlar foydasiga hal etiladi.
– Xorijiy investor O‘zbekiston deganda, birinchi navbatda, barqarorlik, ishonchlilik va kelajak uchun xotirjamlikni ko‘z oldiga keltirishi lozim, – dedi Shavkat Mirziyoyev – Har bir germaniyalik tadbirkor mamlakatimizda o‘zini erkin va dadil his etishi uchun barcha sharoitlarni yaratishga tayyormiz. Germaniyaning ilg‘or ishlanmalari va innovatsion texnologiyalarni O‘zbekistonning resurslari va inson salohiyati bilan birlashtirsak, katta natijalarga erisha olamiz.
Tadbirkorlar bilan muloqot Germaniya biznes hamjamiyatining hamkorlikni rivojlantirishga qiziqishi katta ekanini yana bir bor namoyish etdi.
Fikr almashish chog‘ida GFR ishbilarmon doiralari vakillari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy ahamiyatini yuksak baholab, bu yurtimizda investitsiyaviy faoliyat yuritish bo‘yicha Germaniya biznesining eng dadil va uzoq muddatli rejalarini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Uchrashuvda Germaniya kompaniyalari rahbarlari aniq takliflarini aytdi. Ustuvor sohalarda yuqori texnologik va innovatsion yechimlarni joriy qilgan holda amaliy hamkorlikni davom ettirish va kooperatsiyani kengaytirishga tayyorligini bildirdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Germaniya biznesi vakillariga dolzarb tashabbuslari uchun samimiy minnatdorlik bildirib, muloqot mazmunli bo‘lganini mamnuniyat bilan qayd etdi hamda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga loyihalarni birgalikda ishlab chiqish, umuman, tashrif doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishni nazada tutuvchi “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlashga topshiriq berdi.