Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish loyihasi bilan tanishdi.
Farg‘ona vodiysidan mamlakatimiz vohalariga dovon orqali o‘tiladi. Poyezd qatnovlari hamma yo‘nalishlarda ham emas. Shu bois mazkur aeroport infratuzilmasini yangilashni hayotning o‘zi taqozo qilmoqda. Bu tadbirkorlik, transport xizmatlari va turizm rivojiga katta turtki beradi.
Loyiha doirasida yuk terminali, keytering, yonilg‘i quyish majmuasi va boshqa xo‘jalik binolari qurilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, aeroportning yo‘lovchi terminali quvvati soatiga 1 ming nafarga yetkaziladi. Yuk terminali tadbirkorlik, eksport va tranzit salohiyatini oshiradi.
Shu bilan birga, maxsus servis texnikalari parki yangilanadi. Bu istalgan turdagi samolyotlarni qabul qilish va ularga xizmat ko‘rsatish imkonini yaratadi.
Davlatimiz rahbari aeroportning samaradorligini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Mahalliy va xalqaro reyslarni ko‘paytirish, logistika imkoniyatlaridan to‘la foydalanish zarurligini ta’kidladi. Chiptalar narxini aholiga qulay qilish asosiy vazifa etib qo‘yildi.
Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev Namanganga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.