Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 31-avgust kuni “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga borib, Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qo‘ydi.
Bu monument ona Vatanimiz, mard va jasur, tinchliksevar va mehnatkash, qahramon xalqimiz sharafiga qo‘yilgan obida. U Prezidentimiz g‘oyasi asosida davlatimiz mustaqilligining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlab bunyod etilgan. Mamlakatimiz hayotidagi ulkan voqealar, xorijiy tashriflar chog‘ida bu yerga gul qo‘yish an’anaga aylangan.
Marosimda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati, Prezident Administratsiyasi, vazirlik va idoralar, Toshkent shahar jamoatchiligi vakillari ham ishtirok etib, monument poyiga gullar qo‘ydi.