O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi Turaxujayev Halilillo Sobirjonovichning korrupsiyaga qarshi kurashish yuzasidan yo‘llagan murojaati
Hurmatli Raqobat qo‘mitasi xodimlari va qadrli iste’molchilar!
Barchamizga ma’lumki, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish masalasi dolzarb ahamiyat kasb etib, davlat va jamiyat boshqaruvining turli sohalaridagi korrupsiyaviy holatlarning oldini olish hamda unga qarshi keskin va murosasiz kurash olib borilmoqda. Bemalol aytishimiz mumkinki, mazkur yo‘nalishda mamlakatimizda salmoqli huquqiy baza – bir qator qonun va qonunosti hujjatlari yaratildi, muhim tashkiliy-huquqiy islohotlar o‘tkazildi, O‘zbekiston ko‘plab xalqaro tadbirlarda ishtirok etmoqda, OAVlarda deyarli har kuni korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar yoritilmoqda.
Ayni keng qamrovli o‘zgarishlar barobarida Raqobat qo‘mitasi tomonidan ham jamiyatda korrupsiyaga qarshi kurashish madaniyati darajasini oshirish uchun Qo‘mita markaziy apparati, hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlarining yuqori axloqiy me’yorlarga sodiqligini, shuningdek, Qo‘mita tizimi xodimlari tomonidan o‘z faoliyatida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishiga yo‘l qo‘ymasliklari, korrupsiyaga nisbatan keskin va murosasiz munosabatni shakllantirish, bu kabi holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olish, shuningdek ularning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish maqsadida samarali tizim shakllantirilgan.
Qo‘mitaning tegishli buyrug‘iga asosan Qo‘mita va uning tarkibiy tuzilmalarida manfaatlar to‘qnashuvini boshqarishni takomillashtirish to‘g‘risidagi Nizomi, Qo‘mitaning korrupsiyaga qarshi kurashish Siyosati, xodimlarning korrupsiyaviy xatti-xarakatlari, odob-axloq qoidalarini buzish holatlari ustidan xizmat tekshiruvlari o‘tkazish bo‘yicha Reglamenti, ishga qabul qilinayotgan nomzodlarni tekshirish Yo‘riqnomalarib korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar bergan Qo‘mita tizimi xodimlarini rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlangan. Xavf-xatarlarni baholash uslubiyoti, kontragentlarni o‘rganishga oid yo‘riqnoma, aloqa kanallari orqali korrupsiyaviy xatti-harakatlar va manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida kelib tushgan xabarlarni qabul qilish va ko‘rib chiqish reglamentlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-210-sonli qarori ijrosini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlari rejasi ishlab chiqilgan va tasdiqlangan.
Shuningdek, Raqobat qo‘mitasi tizimidagi har bir xodim O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida va Qo‘mitaning ichki hujjatlarida nazarda tutilgan korrupsiyaga qarshi talablarga rioya etmasa, qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortilishi to‘g‘risida ogohlantirilgan.
Korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish bo‘yicha yuqorida sanab o‘tilgan ishlarning o‘zi yetarli bo‘lmaydi. Avvalambor, korrupsiyaga qarshi kurashishni sohaning har bir xodimi o‘zidan boshlashi kerak. Har birimiz o‘z faoliyatimizga, ishimizga sof, halol va vijdonan yondashishimiz lozim. Korrupsiya bu eng kichik, ko‘zga ilinmas elementdan boshlanadi. Har bir narsaga alohida e’tibor qaratishimiz kerak. Bunda, xodim yoki har bir shaxs korrupsiyani bevosita o‘zi amalga oshirmasligi mumkin, lekin u atrofidagi hamkasbi yoki biror bir tanishi korrupsiya bilan shug‘ullanayotganiga guvoh bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bunday holatlarni ko‘rib, bilib turib yashirish ham korrupsiyaga yo‘l ochib berish bilan teng malakalanadi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish barchamizning asosiy vazifalarimizdan biriga aylanishi kerak. Zero hurmatli prezidentimiz Sh.Mirziyoyev aytganlaridek, korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga murosasiz bo‘lish kundalik hayot tarzimizga aylanishi shart. Bu illatga qarshi kurashishga barcha davlat organlari, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, umuman, har bir fuqaro safarbar etilishi zarur.
Korrupsiyaga qarshi kurashish va uni batamom yo‘qotishda barchamiz bir tanu-bir jon bo‘lib, birgalikda samarali harakat qilib, jamiyatimiz va davlatimizning rivojiga o‘zimizning salmoqli hissamizni qo‘shaylik. Jamiyatdagi salbiy illatlarga loqayd munosabatda bo‘lmasak, birgalikda kurashsak, albatta, yengishimizga ishonaman.
Shu bilan birga, o‘z o‘rnida xalqimizga ham murojaat qilmoqchi edim.
Hurmatli soha xizmatlari foydalanuvchilari, qadrli iste’molchilar !!!
Agarda, Sizlarda Raqobat qo‘mitasi tizimi xodimlari tomonidan o‘z lavozim majburiyatlarini bajarishda korrupsion holatlar kuzatilganda yoki shubha tug‘diruvchi va noqonuniy holatlar haqida ishonchli va asosli ma’lumotlar bo‘lsa yoki bunday holatlarga guvoh bo‘lsangiz, Qo‘mita hamda tizimdagi boshqarma va idoralarning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ichki tuzilmalariga, shuningdek, Qo‘mitaning quyidagi aloqa kanallari orqali murojaat yo‘llashingiz mumkinligini ma’lum qilamiz:
Unutmang, murojaatingiz maxfiyligi kafolatlanadi!
Tizimda mehnat qilayotganlarni yana bir bor halollik, xolislikni ta’minlashga, adolat va haqiqat yo‘lida qat’iyatli bo‘lishga chaqiraman. Zero har qanday yuksak axloq va ma’naviyat hukm surgan davlat yanada obod va farovon bo‘ladi. Shunday ekan, go‘zal va betakror yurtimizning bugungi va ertangi kuni, yorug‘ kelajagi uchun avvalambor o‘zimiz mas’ul ekanligimizni unutmaylik!