Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida istiqomat qiluvchi A.Sh. “Bir million dasturchi” loyihasini muvaffaqiyatli tamomlagan. Unga Yoshlar ishlari agentligi tomonidan kompyuter xaridi uchun iste’mol kreditining foiz xarajatlari kompensatsiya qilib berilgan. Mazkur imtiyoz bilan“NOUTBUK NR 15” uchun Jizzax shahridagi “Online” do‘kon “PS DRIVER” MChJ bilan shartnoma tuzib, pulini to‘lagan. Afsuski, bu xursandchilik uzoqqa cho‘zilmaydi. Tadbirkor tomonidan noutbuk loyiha g‘olibiga yetkazilmagan. Fuqaroning qilgan murojaatlariga mahsulot yetkazib berilgan deya javob berilgan, xolos. Lekin 8 mln 250 ming so‘mlik buyurtma tovari qaysi manzilga va qaysi pochtadan yuborilgani haqida esa ma’lumot berilmagan.
Raqobat qo‘mitasining Jizzax viloyati hududiy boshqarmasiga tushgan bu murojaatda, tadbirkor bilan yuzaga kelgan muammoni yechilishida amaliy yordam so‘ralgan. O‘rganish natijalari bo‘yicha, hududiy boshqarma xodimlari ko‘magi bilan mazkur MChJ tomonidan iste’molchiga kechiktirilgan noutbuk yetkazib berilishi ta’minlandi.
Ma’lumot o‘rnida. O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni 19-moddasida, ishni bajarish, xizmat ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma shartlari buzilgan taqdirda iste’molchining huquqlari belgilab berilgan.
Unga ko‘ra, ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shart.