Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan Sirdaryo viloyati “TOZA HUDUD” DUK Guliston shahar filialining 2023 va 2024-yilning yanvar-aprel oylari davomida iste’molchilarga maishiy chiqindi tashish xizmatlarini ko‘rsatishi sohasida qonunchilik talablariga rioya etilishi yuzasidan o‘rganish va tahlil ishlari olib borildi.
O‘rganishlar davomida Sirdaryo viloyati “TOZA HUDUD” davlat unitar korxonasi Guliston shahar filiali tomonidan 2023-yil va 2024-yilning yanvar-aprel oylari davomida maishiy chiqindi tashishni xizmatining belgilangan grafik asosida xizmat ko‘rsatilayotganligi yuzasidan korxonaning moliyaviy faoliyatiga aralashmagan holda o‘tkazili, quyidagilar aniqlandi:
Sirdaryo viloyati “TOZA HUDUD” DUK Guliston shahar filialining 2023-2024-yillarda hududlar (mahalla fuqarolar yig‘inlari) kesimida mavjud texnikalar bilan qamrab olingan aholiga xizmat ko‘rsatish yo‘nalish jadvallari (maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish grafiklari) tasdiqlangan bo‘lib, ushbu tasdiqlangan jadvallarda belgilangan mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi jami aholi soni bilan haqiqatda billing dasturiga kiritilgan aholi sonini taqqoslab ko‘rilganda ayrim mahalla fuqarolar yig‘inlarida yashovchi aholidan kam maishiy chiqindi olib chiqib ketilganligi holatlari kuzatildi.
Jumladan:
2023-yilda tasdiqlangan grafikga asosan “Yangi Hayot” MFY bo‘yicha aholi soni 3685 kishi kiritilganligi natijasida olib chiqilgan bir oylik yuk hajmi 184,2 m3 tashkil etgan bo‘lsada, haqiqatda billing dasturiga kiritilgan aholi soni bilan taqqoslaganda iste’molchilar soni 4030 kishini tashkil etib, olib chiqilgan bir oylik yuk hajmi esa 201,5 m3 yoki ushbu yashovchi aholidan 1 oyda 7,3 m3 yoki kilogram hisobida 7245 kg kam maishiy chiqindi olib chiqib ketilganligi aniqlandi. Natijada belgilangan yuk hajmidan kam olib chiqib ketilishi oqibatida aholidan ko‘rsatilmagan xizmat uchun jami bir yil davomida 11 589 102 so‘m ortiqcha to‘lovlar hisoblanganligi ma’lum bo‘ldi.
Xuddi shu kabi “Mevazor” MFYda 2 754 504 so‘m, “Istiqlol” MFYda 81 069 960 so‘m va Taraqiyot” MFYda 42 258 232 so‘m, jami 137 671 812 so‘m ortiqcha to‘lovlar hisoblanganligi holatlari aniqlandi.
Shuningdek, 2024-yilning yanvar-aprel oylarida yuqorida ko‘rsatilgan kamchiliklarga yo‘l qo‘yilishi natijasida, “Manaviyat” MFYda 11 589 102 so‘m, “Yangi hayot” MFYda 11 028 561 so‘m, “Shodlik” MFYda 2 533 977 so‘m, “Obod yurt” MFYda 5 312 714 so‘m, “Bog‘ishamol” MFYda 45 539 608 so‘m, “Bo‘ston” MFYda
8 019 463 so‘m, “Istiqlol” MFYda 39 613 556 so‘m va “Ishonch” MFYda 7 414 764 so‘m, jami hisobda 122 946 865 so‘m miqdorida ortiqcha to‘lovlar hisoblangan.
Olib borilgan o‘rganish natijalariga ko‘ra, “TOZA HUDUD” DUK Guliston shahar filiali tomonidan 2023 va 2024-yil yanvar-aprel oylarida 41 992 nafar aholiga nisbatan jami hisobda 260 618 677 so‘m miqdorida ortiqcha to‘lovlar hisoblaganligi aniqlandi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, “TOZA HUDUD” DUK Guliston shahar filiali “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 21-moddasi (sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas) talablari buzilganligini inobatga olib hududiy boshqarma tomonidan ish qo‘zg‘atilib, ortiqcha olingan daromadni qaytarish to‘g‘risida bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berilishi natijasida 260 618 677 so‘m mablag‘lar iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilinishiga erishilgan.