Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan hamkorlikda boshlangan yangi loyihaga asosan nazorat xaridi tashkil etildi. Loyihadan ko‘zlangan maqsad sifatsiz mahsulotlardan iste’molchilarni himoya qilish, mahsulotlar sifatini nazorat qilish, iste’molga yaroqsiz hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjat talablariga javob bermaydigan mahsulotlar aylanmasining oldini olishdir.
Nazorat xaridi uchun Toshkent shahridagi savdo shoxobchalaridan 9 nomdagi oziq–ovqat mahsulotlaridan namunalar xarid qilindi va belgilangan tartibda rasmiylashtirilib, akkreditasiyadan o‘tgan laboratoriyalarga sinovdan o‘tkazish uchun taqdim etildi.
Mahsulotlarning sifati va xavfsizligi bo‘yicha Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Milliy “Referens” va “Texnostandart–NEO” MCHJ huzuridagi akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalar xulosalarini berdi. Sinov natijalarida 9 nomdagi oziq-ovqat mahsulotlaridan 8 nomdagisi ya’ni ularning 88 foizi amaldagi texnik jihatdan tartibga solish hujjatlariga nomuvofiqligi ma’lum bo‘ldi.
Jumladan, texnik reglament yoki standart talablari bo‘yicha kamchiliklar mahsulotning tarkibi, yoriqlanishi va qadoqlanishi bilan bog‘liq bo‘lib, quyidagi ishlab chiqaruvchi korxonalarga tegiishli ekanligi aniqlandi:
- “BRUNI” shokoladli keks mahsuloti – ishlab chiqaruvchi korxona “Almerro Group” MCHJ;
- “SELLATILGAN MOL GO‘SHTI oliy nav” Konservalangan mol go‘shti mahsuloti – ishlab chiqaruvchi korxona “Marmaks” QK MChJ;
- “BIO KEFIR” kefir – ishlab chiqaruvchi korxona “DIL-BAH DAIRY GROUP” MCHJ;
- “Qand” mahsuloti – ishlab chiqaruvchi korxona “Prima industries group” MCHJ;
- “Chernogolovka” gazlangan salqinlantiruvchi ichimligining (Buratino 1 l mahsuloti)- ishlab chiqaruvchi korxona “Aqua Products” MCHJ QK;
- “Urussa” kungaboqar yog‘i – ishlab chiqaruvchi korxona “Resurs” moy ekstraksiya zavodi;
- “Kunjutnoe maslo” yog‘ mahsuloti – ishlab chiqaruvchi korxona “Maxmadjon Nurafshon” XK;
- “Sedana yog‘i” yog‘ mahsuloti – ishlab chiqarvchi korxona “Maxmadjon Nurafshon” XKlar.
O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining:
1-moddasiga muvofiq, tovarning nuqsoni – tovarning normativ hujjatlarning majburiy talablariga, shartnoma shartlariga yoxud tovarning sifatiga odatda qo‘yiladigan talablarga nomuvofiqligi;
13-moddasiga muvofiq, nuqsonli tovar sotilganda iste’molchi, agar bu hol shartnoma tuzish paytida aytib o‘tilmagan bo‘lsa, o‘z xohishiga qarab quyidagilardan birini talab qilishga haqli:
tovarni ayni shunday markali (modelli, artikulli) maqbul sifatli tovarga almashtirib berish;
tovarni boshqa markali (modelli, artikulli) shunday tovarga almashtirib, uning xarid narxini tegishincha qayta hisob–kitob qilish;
tovarning nuqsonlarini bepul bartaraf etish yoki iste’molchining yoxud uchinchi shaxsning nuqsonlarni bartaraf etishga qilgan xarajatlarini qoplash;
xarid narxini nuqsonga mutanosib ravishda kamaytirish;
shartnomani bekor qilib, ko‘rilgan zararni qoplash belgilangan.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 02.06.2021 yildagi PF-6240-son Farmonining 3-bandiga muvofiq, sanitariya-epidemiologik xulosasi majburiy tartibda olinishi lozim bo‘lgan oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga nisbatan muvofiqlik sertifikatini olish ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi. Bunda, ushbu mahsulotlarni tayyorlovchilar (ishlab chiqaruvchilar), yetkazib beruvchilar va sotuvchilar ularning texnik reglamentlar va standartlar bilan belgilangan majburiy talablarga muvofiqligini ta’minlash uchun javobgar hisoblanishi belgilab qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 12 iyuldagi 490-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oziq-ovqat mahsulotini tamg‘alash yuzasidan uning xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentining 90-bandiga asosan, nazoratni amalga oshiruvchi davlat organlari Texnik reglament talablariga muvofiq bo‘lmagan tamg‘alangan oziq-ovqat mahsulotlari muomalaga chiqarilishining oldini olish, shuningdek bunday mahsulotlarni bozorda muomaladan olib qo‘yish uchun barcha choralarni ko‘rishi shartligi belgilagan.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan nazorat xaridi davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va sifatsiz mahsulotlarning sotilishiga chek qo‘yish yuzasidan belgilangan tartibda choralar ko‘rilmoqda.