Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining ishonch telefoni orqali kelib tushgan murojaatda fuqaro sug‘urta mukofotining foydalanilmagan qismini qaytarib ololmayotganligini bildirgan.
Aniqroq qilib aytganda, мazkur murojaatda fuqaro “O‘zmilliybank” AJ bilan tuzilgan shartnomaga asosan besh yillik muddatga avtokredit olganligi va kreditni qaytmaslik xavfi “Asko” sug‘urta tashkiloti tomonidan sug‘urtalanganligi, fuqaro kredit qarzdorligini muddatidan avval qoplaganligi, shunga ko‘ra foydalanilmagan davr uchun qolgan sug‘urta mukofotini qaytarib olishda amaliy yordam berilishini so‘ragan.
Qo‘mita tomonidan murojaatda keltirilgan holatlarni o‘rganish davomida, iste’molchi “O‘zmilliybank” AJ bank filiali bilan 2022-yil 11-oktyabrda 60 (oltmish) oy muddatga shartnoma tuzib, 209,0 million so‘m miqdorida avtokredit olganligi va kreditni qaytmaslik xavfi “ASKO-VOSTOK” AJ sug‘urta tashkiloti tomonidan sug‘urtalangani ma’lum bo‘ldi. Ushbu avtokredit
2023-yil 31-avgustda muddatidan avval to‘liq hajmda qoplangan, fuqaroning asosli murojaat qilishiga qaramay, sug‘urta tashkiloti tomonidan foydalanilmagan davr uchun qolgan sug‘urta mukofoti qaytarib berilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 948-moddasiga asosan, sug‘urta shartnomasi, agar u kuchga kirganidan keyin sug‘urta hodisasi yuz berishi ehtimoli yo‘qolgan va sug‘urta xavfining mavjud bo‘lishi sug‘urta hodisasidan boshqa holatlar bo‘yicha tugagan bo‘lsa, tuzilgan muddati kelishidan oldin bekor bo‘lganda, sug‘urtalovchi sug‘urta mukofotining bir qismini sug‘urta amal qilgan vaqtga mutanosib ravishda olish huquqiga egaligi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining:
21-moddasiga asosan, shartnomaga iste’molchilarning qonunchilikda nazarda tutilgan huquqlarini kamsitadigan shartlarni kiritish, shuningdek ularga qonunchilikda belgilangan imtiyozlar va afzalliklarni bermaslik taqiqlanishi; sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emasligi;
23-moddasiga asosan, sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) bilan shartnomaviy munosabatlarda iste’molchi qonunchilikda nazarda tutilgan o‘z talablari qanoatlantirilishi uchun ustuvor huquqqa egaligi belgilangan.
O‘rganish natijasiga ko‘ra, fuqaro avtokreditni (bank oldidagi majburiyatni) to‘liq miqdorda muddatidan avval qoplaganligi tufayli fuqaro bilan “ASKO-VOSTOK” AJ o‘rtasida imzolangan “Kreditni qaytmaslik xavfini sug‘urtalash” bo‘yicha shartnoma o‘z ahamiyatini yo‘qotganligi sababli, qonunchilikka muvofiq sug‘urta mukofotining foydalanilmagan qismini qaytarish choralarini ko‘rish bo‘yicha Qo‘mita tomonidan “ASKO-VOSTOK” AJga ko‘rsatma xati berildi. Shundan so‘nggina iste’molchiga 5 432 345 so‘m miqdoridagi sug‘urta puli qaytarib berilishiga erishildi.