Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 11-iyul kuni investitsiyalar jalb qilishni yanada kengaytirish chora-tadbirlari muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida mamlakatimizda Prezident saylovi yuqori saviyada o‘tgani, bu xalqimizni ulug‘ maqsadlar yo‘lida yanada birlashtirganini ta’kidladi.
Endigi vazifa belgilangan maqsadlarni kechiktirmasdan, avvalgidan-da ko‘proq g‘ayrat bilan amalga oshirishdir. Bugun jahondagi ziddiyatlar, shafqatsiz raqobat davrida bu oson bo‘lmaydi, albatta. Savdo va investitsiyalar, tovar va xizmatlar aylanishida transport-logistika tizimi tobora murakkablashib borayapti.
– Mana shunday og‘ir vaziyatda, odamlarimizga munosib sharoit yaratish uchun yuz minglab yuqori daromadli ish o‘rinlari tashkil etishimiz, dunyo bozorida raqobat qila oladigan mahsulotlarni ko‘paytirishimiz zarur. Buning uchun esa yangi-yangi texnologiyalar, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari, malakali mutaxassislar kerak, – dedi Prezident.
Shu bois yig‘ilishda tarmoq va hududlardagi investitsiya ko‘rsatkichlari, loyihalarning ijrosi va yil yakunigacha bo‘lgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Joriy yilning o‘tgan olti oyida tarmoqlarda 3,6 milliard dollarlik investitsiyalar o‘zlashtirilgan. Andijon shahri, Buloqboshi, Romitan, G‘allaorol, Forish, Karmana, Davlatobod, Chust, Kattaqo‘rg‘on, Sirdaryo tumanlarining har biriga 50 million dollardan ko‘p to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kelgan. Buni hisobidan, ushbu tumanlarda jami 50 mingta yangi ish o‘rni, qo‘shimcha 1 trillion so‘m tushum paydo bo‘lgan.
Lekin ayrim hudud va tarmoqlarda bu ko‘rsatkich past, investitsiya muhiti qoniqarsiz. Shunday tuman va shaharlar hokimlari, vazir o‘rinbosarlari, davlat korxonalari mutasaddilari lavozimidan ozod qilindi, ayrimlariga hayfsan berildi.
Yig‘ilishda investitsiya dasturlaridagi 1 ming 500 ta loyihani tezlashtirish va 12 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar belgilandi.
Davlatimiz rahbari har bir tarmoq va hududga investitsiyalarni jalb etish hamda loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq harakatlar algoritmini ko‘rsatib berdi.
Jumladan, davlat investitsiya dasturi doirasida 11,5 milliard dollarlik 272 ta yirik loyihani muddatidan oldin foydalanishga topshirish bo‘yicha “loyihabay” ish tashkil etiladi. Masalan, qurilishni tezlashtirish hisobiga 29 ta, uskunalarni olib kelish va o‘rnatishga ko‘maklashish orqali 49 ta loyihani oldinroq ishga tushirish mumkin. Buning hisobiga, 700 million dollar investitsiyalarni 2-3 oy oldin o‘zlashtirilishiga erishiladi.
Bu borada transport vaziri va mamlakatimizning xorijdagi elchilariga ko‘rsatmalar berildi. Hududlardagi loyihalarni infratuzilma bilan ta’minlash uchun nazarda tutilgan 1,2 trillion so‘mga qo‘shimcha yana 100 million dollar yo‘naltirilishi aytildi.
Tarmoqlarda 230 ta loyiha doirasida 4,4 milliard dollar, hududlarda 1 ming 200 ta loyiha doirasida 4,6 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya o‘zlashtirish zarur. Bunda loyihalar 3 ta toifaga ajratilib, ular bilan manzilli ishlanadi. Ya’ni, yirik loyihalarga viloyat hokimining investitsiya bo‘yicha o‘rinbosari, o‘rta loyihalarga tuman hokimi, kichik loyihalarga tuman hokimining investitsiya bo‘yicha o‘rinbosari mas’ul bo‘ladi. Bu tizimni samarali yo‘lga qo‘yish hamda masalalarni joyida hal etish uchun har bir hududga mutasaddilar biriktirildi.
Yig‘ilishda hamkor mamlakatlar bilan investitsiyaviy sheriklik natijalari ham ko‘rib chiqildi. So‘nggi ikki yilda Saudiya Arabistoni, Fransiya, Vengriya, Singapur, Misr, Germaniya, Xitoy, Italiya, Qatar va boshqa davlatlar bilan bo‘lgan oliy darajadagi uchrashuvlarda ko‘plab kelishuvlarga erishilgan.
Bu borada Vengriya, Pokiston, Tailand, Chexiya va Yaponiya bilan hamkorlikda ijobiy o‘zgarishlar borligi, bu davlatlardan investitsiya jalb qilish joriy yilning o‘zida 450 million dollarga ko‘paygani qayd etildi.
Endi xorijiy kelishuvlar doirasidagi investorlar bilan ishlash bo‘yicha yangi tizim joriy etilishi belgilandi. Unga ko‘ra, Investitsiya va tashqi savdo vazirligida “investitsiya menejeri” lavozimi tashkil etiladi va bevosita vazirga bo‘ysunadi. Ular xorijiy investorlar bilan doimiy aloqada bo‘lib, zarur masalalarni hal qilib boradi. Shu tizim asosida ishlab, joriy yilning o‘zida qo‘shimcha 3 milliard dollar investitsiya jalb qilish mumkinligi aytildi.
Aksariyat viloyat, tuman va shaharlarda shakllantirilgan investitsiya loyihalari asl imkoniyatlarga mos emasligi ko‘rsatib o‘tildi. Xususan, so‘nggi ikki oyda sanoati past rivojlangan 60 ta tumanga konsalting kompaniyalari jalb qilinib, 6,5 milliard dollarlik 2 mingdan ziyod istiqbolli loyiha topilgan. Bu – har bir tumanga o‘rtacha 110 million dollar investitsiya, yuzlab ish o‘rni, degani.
Shundan kelib chiqib, konsalting kompaniyalari bilan birga, barcha tuman va shaharlarda “izlanish – ishlab chiqish – amalga oshirish” tamoyili asosida yangi loyihalarni shakllantirish vazifasi qo‘yildi. Ularni xorijiy investorlarga taqdimot qilish uchun yil yakuniga qadar har bir viloyatda hududiy investitsiya forumi o‘tkaziladi.
Shuningdek, Hukumat komissiyasi tomonidan iqtisodiyotga katta turtki beradigan 97 ta yirik sanoat loyihasi tayyorlangan. Ular orqali 6,7 milliard dollar o‘zlashtirilib, 3 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqirish, 27 mingdan ortiq ish o‘rni yaratish imkoniyati mavjud.
Hukumat komissiyasiga ushbu loyihalarni tezroq ishga tushirish, xorijiy kreditlardan samarali foydalanish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar va hokimlar hisobot berdi.