Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan birja savdolarida yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlar, xususan shakar mahsuloti realizatsiyasi doimiy tahlil qilib boriladi.
Respublikada yillik umumiy ishlab chiqarish quvvati 900 ming tonnadan ortiq bo‘lgan mahalliy shakar ishlab chiqaruvchi (“Xorazm shakar” MChJ va “Angren shakar” MChJ) korxonalarning ichki ehtiyojni (o‘rtacha 650 ming tonna) 138 foizdan ortig‘ini qoplash imkoniyati mavjud.
Bugungi kunda (3 iyul) birja savdolarida kunlik qo‘yilayotgan 2600 tn shakar mahsulotining 2100 tn yoki 68 foizi 1 kg uchun o‘rtacha 10 666 so‘mdan realizatsiya qilinib, o‘rtacha boshlang‘ich narxga (11 001 so‘m) nisbatan o‘sish 3 foizni tashkil etmoqda.
Mahalliy korxonalar tomonidan joriy yil yanvar-iyun oylarida birja savdolariga jami 336,7 ming tn shakar qo‘yilib, 280,1 ming tn.si (83 foizi) sotilgan.
Joriy yil iyun oyida shakarning 1 tn.si uchun o‘rtacha sotilish narxi spot bitimlarida 11,5 mln so‘mgacha (may oyida – 13,3 mln so‘m) o‘rtacha 14 foizga va forvard bitimlarida 10,7 mln so‘mgacha (may oyida – 12,5 mln so‘m) o‘rtacha 15 foizga pasayganligi kuzatilmoqda.
O‘z navbatida, mazkur holat chakana narxlarga ham ta’sir etib, bugungi kunda ichki bozorlarda shakarning chakana narxi 12 000-13 500 so‘mgacha tushganligi kuzatilmoqda yoki yil boshiga (13 500 – 14 500 so‘mni) nisbatan 10 foizga pasaygan.
Bugungi kunda mahalliy shakar zavodlari shakar xomashyosini Braziliya davlatidan xarid qilishmoqda. Xususan, joriy yil 3 iyul holatiga mazkur zavodlarda 389 ming tn shakar mahsuloti resurslari mavjud hamda arzon narxlarda xomashyo yetkazib berish bo‘yicha uzoq muddatli shartnomalar imzolangan.
Shundan, omborda 3 ming tn tayyor shakar va 72 ming tn xomashyo, avgust oyiga qadar 314 ming tn xomashyo yetkazib beriladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Qo‘mita tomonidan shakar mahsuloti narxlarining keskin oshishi hamda vujudga kelishi mumkin bo‘lgan holatlarini oldini olish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilganligi va doimiy nazorat o‘rnatilganligi ma’lum qilinadi.