AQShning «Tetra Tech» tashkiloti rasmiy delegatsiya a’zolari bilan xalqaro hamkorlik doirasida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasida uchrashuv bo’lib o’tdi. Qo‘mita vakillari AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) “Markaziy Osiyo energetikasi” loyihasi doirasida «Tetra Tech» tashkiloti rasmiy delegatsiya a’zolari bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi.
Bo‘lib o‘tgan uchrashuvda, Qo‘mita raisi Sharaxmetov Shaxrux Shaturgunovich, rais o‘rinbosari Ummatov Bekzod Xamzayevich hamda Qo‘mita tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari, shuningdek, «Tetra Tech» tashkilotining “Markaziy Osiyo energetikasi” loyihasi rahbari Andriy Mitskan, loyiha rahbari o‘rinbosari Oleg Ryaskov hamda loyihaning O‘zbekistondagi kordinatori Doniyor Babayev ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilari narxlarni nazorat qilish va tartibga solishning yanada samarali, tezkor va shaffof mexanizmini ta’minlash maqsadida «Fair Price» raqamli platformasini ishlab chiqish, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda ortiqcha to‘siqlarsiz yo‘lga qo‘yishda “Oson Business” loyihasini qo‘llab-quvvatlash, shu bilan birga loyihaning barcha bosqichlarida (xususan, ruxsat olish, qurilish, ishlab chiqarish, sotish) paydo bo‘lgan muammolarni onlayn rejimda bartaraf etish, shuningdek, kiber tahdidlardan himoya qilish uchun samarali infratuzilma hamda dasturiy ta’minotni takomillashtirishda hamkorlik imkoniyatlari atroflicha muhokama etildi.
Shuningdek, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) “Markaziy Osiyo energetikasi” loyihasi doirasida AQShning «Tetra Tech» tashkiloti bilan sohada ustuvor vazifalarni hamkorlikda amalga oshirish yo‘nalishida muhokamalar olib borildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar energetika sohasida mavjud ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash hamda istiqbolda yangi loyihalarni amalga oshirishda hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib oldi.