Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga tushgan murojaat Andijon viloyati, Jalaquduq tumanida istiqomat qiluvchi fuqarodan bo‘lib, belgilangan vaqtda topshirilmagan uy-joy masalasida shikoyat qilingan.
Mazkur murojaat Raqobat qo‘mitasining Andijon viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan o‘rganib chiqilganda fuqaro 2023-yil 23-avgust sanasida “Erkin Xous” MChJning yangi qurilgan uyiga shartnoma asosida 28 500 000 so‘m boshlang‘ich to‘lov to’lagani, uy esa o‘z vaqtida, ya’ni 1-sentyabrda topshirilmaganligi ma’lum bo‘ldi.
Shundan so‘ng fuqaro shartnomadan voz kechgan, mazkur MChJga pulini qaytarish bo‘yicha ariza yozgan, ammo natija bo‘lmagan.
O‘zbekiston Respublikasining ”lste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 19-moddasiga ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shart Agar ijrochi shartnomani ijro etishga o‘z vaqtida kirishmasa yoki shartnomaning belgilangan muddatda bajarilmasligi ayon bo‘lib qolsa, iste’molchi ishni bajarish, xizmat ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomadan voz kechishga va yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga haqli.
Shuningdek, qonunning 21-moddasida shartnomaning iste’molchi huquqlarini cheklab qo‘yadigan shartlari haqiqiy emasligi ham belgilab berilgan. Agar ularni qo‘llanishi natijasida iste’molchiga zarar yetkazilgan bo‘lsa, bu zarar ishlab chiqaruvchi (sotuvchi, ijrochi) tomonidan qoplanishi lozim.
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlari natijasida, iste’molchiga uy uchun oldindan to‘langan 28 500 000 so‘m boshlang‘ich to‘lovi to‘liq qaytarilishiga erishildi.