Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-aprel kuni Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi. Birinchi manzil Forish tumanidagi “Basalt Uzbekistan” klasteri bo‘ldi.
Forish hududi bo‘yicha viloyatda eng katta tuman. Lekin yerdan foydalanish samaradorligi ancha past edi. Adir va yaylovlarda, asosan, chorva boqilib, sanoat korxonasi yo‘q edi.
Yetti yil avval Forishga sanoat kirib keldi – Olmossoy konidan bazalt toshini qazib olib, undan tola tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Noyob, innovatsion texnologiya asosida qurilish sanoati uchun muhim bo‘lgan armatura va setkalar ishlab chiqarila boshlandi.
Davlatimiz rahbari 2019-yil yanvar oyida bu korxonaga tashrif buyurib, uning faoliyatni yanada kengaytirish, mahsulotlar turini ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi.
Shu asosida bozordagi talab, xomashyo olinadigan konlar o‘rganildi. Germaniya, Fransiya, Italiya, Chexiya kabi davlatlardan eng zamonaviy texnologiyalar keltirildi. Natijada 300 gektar maydonda umumiy qiymati 498 million dollarlik oltita loyiha tashkil etilib, korxona klasterga aylandi.
Davlatimiz rahbari xomashyo toshlari va tayyor mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi.
Klasterda yiliga 177 ming tonna bazalt toshidan maxsus tola, direkt roving, fibra, armatura, kompozit geosetka, quvurlar, mato va issiqlik-izolyatsiya plitalari kabi 42 turdagi mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Jumladan, o‘tgan yili 45 ming tonna 554 milliard so‘mlik mahsulot tayyorlangan. Ularga dunyoda talab yuqori. Mahsulotlarning 80 foizi AQSH, Angliya, Polsha, Italiya, Chexiya, Gruziya, Rossiya, Turkiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi davlatlarga eksport qilingan.
Klasterda 1 ming 700 dan ortiq kishi ish bilan ta’minlangan.
Mutaxassislarning aytishicha, bazaltdan tayyorlangan qurilish materiallari zanglamaydi. Yengil, lekin mustahkam. Beton qorishmalarining ishqorli muhitiga, tuzli va kislota aralashmalariga chidamli. Devorga bazalt materiali ishlatish mustahkamlikni oshiradi, binoda issiqlikni yaxshi saqlaydi. Yonuvchan emasligi yana bir muhim tomoni. Shu bilan birga, mahsulot narxi ham nisbatan arzon.
Ushbu mahsulotlarni kommunal xo‘jaligi, avtomobilsozlik, to‘qimachilik, neft-gaz va boshqa tarmoqlarda qo‘llash bo‘yicha taqdimot qilindi.
Prezidentimiz buning afzalliklarini tadbirkorlarga tushuntirish, ularning o‘zaro hamkorligini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Yangi davlatlarga sifat sertifikatlari olib, tashqi bozorga chiqishni yanada faollashtirish, xalqaro qurilish va sanoat kompaniyalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi.
Kelgusi yil klasterning korxonalaridan biri – “Basfiber treyd” tomonidan yiliga 25 ming tonna bazalt toshidan tola va mato ishlab chiqarish quvvati yaratiladi. Hozirgi paytda 145 million dollarlik zarur uskunalar keltirilgan. Bu yangi loyiha asosida ishlab chiqarilgan mahsulot ichki ehtiyojni qoplash bilan bir qatorda, 90 foizi eksportga yo‘naltiriladi.
Mutasaddilarga shu yerning o‘zida 500 million dollarlik, qo‘shilgan qiymati yuqori bo‘lgan 20 turdagi yangi loyihalarni joylashtirish vazifasi qo‘yildi. Natijada qo‘shimcha 2 mingta ish o‘rni paydo bo‘ladi.