O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasida

Korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida

HISOBOT

 

2026-yil 1-yanvar holatiga

Tashkilotning Korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlar dasturi bajarilgani toʻgʻrisida umumiy axborot

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6013-sonli Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida, Qo‘mitaning markaziy apparati tuzilmasida alohida, Ichki audit, korrupsiyaga qarshi kurashish va huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish boshqarmasi tashkil etilgan, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Qo‘mita o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum imzolangan.

Mazkur memorandum doirasida Qo‘mitaga yuklatilgan funksiyalari bo‘yicha korrupsiya xavf-xatarlari yuqori bo‘lgan lavozimlar aniqlanib, ularning xatar darajasini minimallashtirish yuzasidan tegishli choralar ko‘rib kelinmoqda.

Siyosat va tartib-taomillar

Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimini joriy etuvchi tavsiyaviy hujjatlar to‘plamidan foydalangan holda, korrupsiyaga qarshi kurashishga doir ichki idoraviy hujjatlar ishlab chiqilgan va Qo‘mita raisining tegishli buyruqlari bilan tasdiqlangan.

Jumladan:

– Qo‘mitaning Korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati;

– Qo‘mitaning markaziy apparati tarkibiy bo‘linmalari, hududiy organlari va idoraviy mansub tuzilmalarida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash Uslubiyoti;

– Qo‘mita va uning tarkibiy tuzilmalarida manfaatlar to‘qnashuvini boshqarishni takomillashtirish to‘g‘risidagi Nizomi;

– Aloqa kanallari orqali korupsiyaviy xatti-harakatlar va manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida kelib tushgan xabarlarni qabul qilish va ko‘rib chiqish reglamenti;

– Qo‘mitaning markaziy apparati tarkibiy bo‘linmalari va hududiy organlari xodimlarini etika va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida o‘qitishni tashkil qilish bo‘yicha yo‘riqnoma;

– Qo‘mita markaziy apparati, hududiy organlari va tizimdagi tashkilotlarida kontragentlarni o‘rganishga oid Yo‘riqnoma;

– Ishga qabul qilinayotgan nomzodlarni tekshirish bo‘yicha yo‘riqnoma;

– Qo‘mita va uning hududiy tuzilmalarida korrupsiyaga qarshi kurash tizimining holati to‘g‘risidagi hisobotni shakllantirish va taqdim etish to‘g‘risida Nizom;

– Qo‘mita xodimlarining korrupsiyaviy xatti-harakatlari, odob-axloq qoidalarini buzish holatlari ustidan xizmat tekshiruvlari o‘tkazish bo‘yicha Reglamenti;

– Qo‘mita markaziy apparati, hududiy organlari va tizimdagi tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish va uni oldini olish bo‘yicha Dastur;

– Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishda boshqacha tarzda ko‘maklashgan Qo‘mitaning xodimlarini rag‘batlantirish tartibi;

– Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashgan O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi markaziy apparatining tarkibiy tuzilmalari, hududiy organlari va  idoraviy mansub tashkilotlari xodimlarini rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi Nizom;

– O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi markaziy apparati, hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlarida Korrupsiyaga qarshi tartib-taomillarning samaradorligini monitoring va nazorat qilish uslubiyoti va boshqalardir.

Xavf-xatarlarni baholash

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-maydagi “Davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirish va ushbu sohada jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-240-son qaroriga asosan 2024-yilda Qo‘mitaning markaziy apparati, hududiy organlari va idoraviy mansub tashkilotlarining jami
121 ta (shundan, Qo‘mita markaziy apparatining 40 ta, hududiy organlarining 41 ta, “Raqamli transformatsiya va autsorsing markazi” DUKning 27 ta,  Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlari markazining 13 ta) funksiyasi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash yuzasidan tahlil qilingan.

Tahlil natijalariga ko‘ra, 99 ta funksiyaning xavf-xatar darajasi “past”, 22 ta funksiyalarning korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi “o‘rta” deb baholangan.

Korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi “o‘rta” deb baholangan 22 ta funksiyalar joriy yilda takroran baholandi va baholash natijalariga ko‘ra, 22 ta funksiyalarning barchasida qoldiq xavf-xatar darajasi “o‘rta” deb baholangan.

Baholash natijalari bo‘yicha, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasi, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha dasturi tasdiqlangan.

Amalga oshiriladigan korrupsiyaga qarshi kurashish tartib-taomillar

Manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish 

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitaning markaziy apparati tarkibiy bo‘linmalari, hududiy boshqarmalari hamda idoraviy mansub tashkilotlari faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash, oldini olish va tartibga solish maqsadida, Qo‘mita tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlar tomonidan yillik, ishga qabul qilishdagi hamda lavozim o‘zgargandagi extimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyalar to‘ldirildi va ushbu deklaratsiyalarni tahlil qilish natijasida manfaatlar to‘qnashuvi holatlari aniqlanmadi.

Shuningdek, hisobot davrida Qo‘mita tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlardan mavjud manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi xabarnoma kelib tushmadi.

Korrupsiyaga qarshi qoidalarni Tashkilot sharnomalariga kiritish 

Qo‘mita tomonidan 2025-yil davomida elektron do‘kon orqali 83 martta davlat xaridlari amalga oshirilib, 83 ta xo‘jalik shartnomalari imzolangan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 14-sentyabrdagi “Shartnomaviy munosabatlarni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-6313-son qarorining 3-bandi “v” kichik bandiga ko‘ra, 2022-yil 1-yanvardan boshlab xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan davlat xaridlari bilan bog‘liq tuziladigan shartnomalarda majburiy ravishda korrupsiyaga qarshi qo‘shimcha shartlar belgilanishi ko‘rsatilgan.

Shunga ko‘ra, Qo‘mita tomonidan tuzilgan barcha xo‘jalik shartnomalarda korrupsiyaga qarshi qo‘shimcha shartlar kiritilishi ta’minlangan.

Kontragentlarni tekshirish

Qo‘mita tomonidan 2025-yil davomida amalga oshirilgan davlat xaridlari faqat elektron do‘kon orqali amalga oshirilganligi sababli, kontragentlar boʻyicha tekshiruvlar oʻtkazilmagan.

Ishga nomzodlarni tekshirish

Joriy yil davomida O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tizimiga ishga qabul qilish jarayonida jami 49 nafar nomzod yuzasidan belgilangan tartibda tekshiruv ishlari amalga oshirildi.

Shundan, Qo‘mita markaziy apparatiga ishga kirish uchun 16 nafar nomzod, shuningdek, hududiy organlarga ishga qabul qilish uchun 33 nafar nomzod bo‘yicha tegishli tekshiruvlar o‘tkazildi.

Taʼlim va kommunikatsiya

Qo‘mita va hududiy boshqarma xodimlarini korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha malakasini muntazam oshirib borish maqadida, 2025-yilning 23-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir choratadbirlar to‘g‘risida”gi PF–71-son Farmoni hamda “Davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari mustaqilligini ta’minlash hamda faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–147-son qarori mavzusida, 2025-yilning 27-iyun kuni mazkur sohada qonunchilikdagi yangiliklar mavzusida”, 2025-yilning
27-oktyabr kuni korrupsiyaga qarshi qonunchilikdagi yangiliklar bilan tanishtirish toʻgʻrisida, 2025-yilning 9-dekabr kuni “9-dekabr — Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni”ga bag‘ishlab o‘quv semenarlari tashkil etildi.

Shuningdek, Qo‘mitaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro va Samarqand, Farg‘ona hamda Xorazm viloyati hududiy boshqarmalarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida hududiy organlar xodimlari uchun o‘quv seminarlari ham tashkil etildi.

Bundan tashqari, “9-dekabr — Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” munosabati bilan Qo‘mita markaziy apparati hamda barcha hududiy organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlangan tushuntirish va targ‘ibot tadbirlari tashkil etildi. Mazkur tadbirlar doirasida xodimlarning huquqiy ongi va mas’uliyatini oshirishga qaratilgan tegishli chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Tadbirlar jarayonida korrupsiyaning davlat boshqaruvi, iqtisodiy rivojlanish hamda jamoatchilik ishonchiga salbiy ta’siri, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, xizmat intizomiga qat’iy rioya etish, shuningdek, korrupsion holatlarga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xodimlarga amaldagi qonunchilik talablari hamda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.

Shuningdek, Qo‘mita markaziy apparati hamda hududiy organlarida shaffoflik va hisobdorlikni ta’minlash, aholi hamda tadbirkorlik subyektlari bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish maqsadida “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlari o‘tkazildi. Ushbu tadbirlar davomida fuqarolar va tadbirkorlarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan tegishli tushuntirishlar berildi, murojaatlar qabul qilinib, ularni hal etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilandi.

“Ochiq eshiklar kuni” tadbirlari hamda korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan boshqa tadbirlarning ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali keng yoritilishi ta’minlanib, bu orqali jamoatchilik xabardorligini oshirish hamda ochiqlik tamoyillarini mustahkamlashga erishildi.

Korrupsiyaviy xatti-xarakatlar va huquqbuzarliklar toʻrisidagi xabarlar

Huquqbuzarliklar va ularga sharoit yaratuvchi omillar haqidagi xabarlar, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni aniqlash va o‘z vaqtida oldini olish maqsadida, Qo‘mita tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha “ishonch telefoni” (71-207-49-00) faoliyati yo‘lga qo‘yilgan, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishga oid anonim shikoyatlar uchun alohida elektron pochta (anticorruption@antimon.gov.uz) hamda @ACRUanticor_bot telegram kanali yaratilib, o‘z faoliyatini belgilangan tartibda olib bormoqda.

2025-yil davomida ushbu aloqa kanallari orqali korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq holatlar yuzasidan murojaatlar kelib tushmagan.

Monitoring va nazorat

Hisobot davrida Qo‘mita ichki boshqaruv, audit va monitoring tizimlarini mustahkamlash orqali korrupsiyaga qarshi kurashishda sezilarli natijalarga erishildi.

Barcha rejalashtirilgan chora‑tadbirlar belgilangan muddatlarda o‘tkazilishi ta’minlandi, shu bilan birga kelgusida mazkur sohada samaradorlikni yanada oshirish choralari ko‘rilmoqda.

Aniqlangan qoidabuzarliklar va ularga taʼsir choralari 

2025-yil davomida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi markaziy apparati, tizim tashkilotlari va hududiy organlarida profilaktika, ichki nazorat va axloqiy standartlar samarali joriy etilganligi, xavflarni tahlil qilishi tizimi yo‘lga qo‘yilganligi sababli, korrupsiyaga oid qonunbuzilishi holatlari aniqlanmadi.

Xulosalar

O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan joriy etilgan ichki nazorat tizimi, huquqiy baza va axborot kanallari korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida tizimli yondashuvni shakllantirgan. Qonunbuzilish holatlarining aniqlanmaganligi profilaktik ishlar samarali yo‘lga qo‘yilganligini anglatadi.

Korrupsiyaga qarshi kurash tizimini yanada rivojlantirish boʻyicha takliflar va tadbirlar rejasi

O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tizimida korrupsiyaning oldini olish, Qo‘mita faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, xodimlar o‘rtasida korrupsiyaga qarshi mus-tahkam huquqiy ong va madaniyatni shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mazkur maqsadlarda Qo‘mita tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan bo‘lib, ushbu reja doirasida quyidagi ishlar izchil ravishda amalga oshirib kelinmoqda.

Jumladan, Qo‘mita faoliyatini tartibga soluvchi ichki me’yoriy hujjatlar — reglamentlar, nizomlar va yo‘riqnomalar amaldagi qonunchilikdagi so‘nggi o‘zgarishlar, shuningdek, ilg‘or xorijiy tajriba va xalqaro standartlar inobatga olingan holda muntazam ravishda qayta ko‘rib chiqilmoqda hamda yangilanib borilmoqda. Bu orqali xizmat jarayonlarini aniq va shaffof tartibga solishga erishilmoqda.

Shu bilan birga, Qo‘mita tizimida “Korrupsiyaga qarshi kurashish” va “Korrupsiyaga qarshi madaniyat” mavzularida maxsus oyliklar o‘tkazilib, mazkur tadbirlar doirasida xodimlarning huquqiy bilimi va ongini oshirish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot ishlari tashkil etilmoqda.

Korrupsiyaga qarshi profilaktik tadbirlarni yanada kuchaytirish maqsadida sohaviy seminarlar, o‘quv treninglari, davra suhbatlari o‘tkazilmoqda. Shuningdek, vizual targ‘ibot materiallari, axborot stendlari, videoroliklar tayyorlanib, Qo‘mita tizimidagi barcha xodimlarga yetkazilmoqda. Bundan tashqari, xodimlar o‘rtasida korrupsiyaga munosabatni aniqlash, mavjud xavf-xatarlarni baholash maqsadida anonim so‘rovnomalar tashkil etib kelinmoqda.

Fuqarolar va yuridik shaxslardan kelib tushayotgan murojaatlarni samarali qabul qilish va tahlil qilish ham korrupsiyaning oldini olishda muhim omil sifatida qaralib, ishonch telefoni, Qo‘mita rasmiy veb-sayti, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari hamda elektron pochta orqali kelib tushgan murojaatlar muntazam o‘rganib borilmoqda.

Yuqorida qayd etilgan chora-tadbirlar asosida ishlarni tizimli tashkil etish orqali Qo‘mita tizimida korrupsiyaga qarshi samarali profilaktika mexanizmi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ushbu yo‘nalishdagi ishlar bugungi kunda ham izchil ravishda davom ettirilmoqda.