O’zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi o’z vakolatlari doirasida O’zbekiston Respublikasi “Raqobat to’g’risida”gi Qonuniga va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq ustun mavqeni suiiste’mol qilish, til biriktirishlar va kartel kelishuvlarga qarshi kurashni amalga oshiradi.
Qo’mita tomonidan doimiy va tizimli ravishda tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo’jalik yurituvchi sub’ektlar davlat reestriga kiritilgan sub’ektlar tomonidan raqobat qonunchiligiga rioya etishi yuzasidan
tahlil o’tkazib boriladi.
Alohida monopolist korxonalarning asosiy jixatlaridan biri bu, shartnomalarga kamsituvchi shartlarni kiritish orqali iste’molchilar va boshqa xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning haq-xuquqlarining cheklashi, shuningdek tovar va moliya bozoriga boshqa xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning kirishi uchun turli to’siqlar yaratishidir.
Yuqorida ko’rsatilgan harakatlar O’zbekiston Respublikasi “Raqobat to’g’risida”gi Qonunining 10-moddasiga zid hisoblanib, ustun mavqeni suiiste’mol qilish sifatida baholanadi.
Ushbu yo’nalishda Qo’mita tomonidan 2019 yil davomida tovar va moliya bozorida ustun mavqeni egallagan, Davlat reestriga kiritilgan 132ta korxonaning 2000tadan ziyod shartnomalari o’rganib chiqildi.
O’rganish davomida yuqoridagi holatlar 24ta korxonalarning shartnomalarida, asosan xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning tuzilgan shartnoma bo’yicha majburiyatlarni bajarish yoki bajarmaslik javobgarligi bilan bog’liq bo’lgan shartlarda kontragentlarning monopolistlarga nisbatan og’irroq moliyaviy va boshqa majburiyatlar qo’yilganligi aniqlandi.
Misol uchun, “Bektemir-spirt ekspermental zavodi” AJ shartnomalari o’rganilganda shartnoma shartlarini bajarmaslik yoki o’z vaqtida bajarmaganlik uchun to’lanadigan penya summasi kontragentga shartnoma summasining 50 foizi miqdorida o’rnatilgan bo’lsa, monopolistga nisbatan atigi 20 foiz miqdorida o’rnatilgan, shuningdek sotib olishdan bosh tortganlik uchun to’lanadigan penya miqdori kontragent uchun – 20 foiz qilib o’rnatilgan bo’lsa, monopolist tomonidan taqdim etilgan mahsulot sifatiga mos kelmasa faqatgina 5 foiz penya to’lanadi deb qayd etilgan.
Xuddi shunga o’xshash holatlar “Andijon biokimyo zavodi” AJ va “Qo’qonspirt” AJ shartnomalarida ham kuzatilib, unda shartnoma shartlarini bajarmaslik yoki o’z vaqtida bajarmaganlik uchun kontragent tomonidan
to’lanadigan penya miqdori shartnoma summasining 50 foizi miqdorida belgilangan bir vaqtda, monopolist uchun umuman javobgarlik nazarda tutilmagan.
Shunga ko’ra, O’zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi tomonidan ushbu monopolist korxonalarga raqobat to’g’risidagi qonunchilik talablarini buzilishi holatlarini bartaraf etish yuzasidan tegishli ko’rsatmalar berildi.
Shu bilan birga, “UzAuto Motors” AJga “O’zavtosanoat” AJning tizim korxonalarida faoliyat ko’rsatuvchi hodimlarga kechiktirib to’lash aktsiyasi doirasida taqdim etilgan yengil avtomobillarni sug’urtalashda sug’urta
kompaniyalarining xuquqlarini cheklab, raqobatga zid harakatni amalga oshirgani uchun, bundan keyin raqobat to’g’risidagi qonun hujjatlari buzilishiga yo’l qo’ymaslik bo’yicha ko’rsatma berildi.
Bundan tashqari, telekommunikatsiya bozorida faoliyat ko’rsatuvchi, O’zbekiston Respublikasi “Raqobat to’g’risida”gi Qonunida ko’rsatilgan xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning iqtisodiy faoliyatini muvofiqlashtirish orqali raqobatni cheklanishiga olib keluvchi harakatlar taqiqlanishini nazarda tutuvchi 11-modda uchinchi qismi talablarini buzgan “Play Mobile” MCHJga bundan keyin raqobat to’g’risidagi qonun hujjatlari buzilishiga
yo’l qo’ymaslik bo’yicha ko’rsatma berildi.
Natijada barcha sanab o’tilgan xo’jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan raqobat to’g’risidagi qonunchiligi buzilishi holatlari bartaraf etildi.