Raqobat qo‘mitasi Xorazm viloyati hududiy boshqarmasining tegishli buyrug‘iga asosan, donni qayta ishlovchi korxonada 2022-2023-yillar va 2024-yilning 1-oktyabrigacha bo‘lgan faoliyati davomida O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuni va Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 18-martdagi 170-sonli qarorining 2-ilovasi va 2023-yil 29-dekabrdagi 722-sonli qarori (28.10.2010-yildagi 239-sonli qarorining 1-ilovasi) bilan tasdiqlangan Nizomlar hamda sohani tartibga soluvchi boshqa qonunosti hujjatlari talablariga rioya etilishi yuzasidan o‘rganish va tekshirish ishlari o‘tkazildi.
O‘tkazilgan o‘rganish davomida, korxona tomonidan 2024-yilning may oyi uchun tasdiqlangan grafikka asosan bug‘doy uni mahsuloti birja savdolariga belgilangan hajmlardan kam miqdorlarda qo‘yilganligi hamda 3 ta holatda (9 tonna omuxta yem hamda 10 tonna bug‘doy uni mahsuloti) bekor qilingan bitimlar bo‘yicha mahsulotlar hajmlarini birja savdolariga takroran qo‘yilmaganlik holatlari aniqlanib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 18.03.2020-yildagi 170-sonli qaroridagi Nizom talablariga rioya qilinmaganligi ma’lum bo‘ldi.
Bundan tashqari, korxona tomonidan don yetishtiruvchi xo‘jaliklarga tarqatilgan urug‘lik bug‘doyni tasdiqlangan narxlarda sotilishi o‘rganib chiqilganda, urug‘lik bug‘doy narxi yuqori qo‘llanilganligi aniqlanib, bunda 2023-yilda amalda bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 28.10.2010-yildagi 239-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablariga rioya qilinmaganligi ma’lum bo‘ldi.
Yuqoridagilarga asosan donni qayta ishlovchi korxona tomonidan, “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining 29-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining 18.03.2020-yildagi 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 6-bandi, 7-bandi, 311-bandi hamda 28.10.2010-yildagi 239-sonli qarorining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan (qonunbuzilish sodir qilingan davrda amalda bo‘lgan) Nizomning 36-bandi talablari buzilgan deb topildi. Hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan korxonaga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, natijasi yuzasidan moliyaviy jarima qo‘llash haqida qaror qabul qilindi.
Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatma berildi.