Yangi yilni kutib olishga sanoqli kunlar qoldi. Hamma bayramni ko‘tarinki ruhda o‘tkazish uchun to‘kin dasturxon tuzash taraddudiga tushib qolgan. Asosiysi shuki, xaridlar ro‘yxat asosida, zarur mahsulotlar me’yorida bo‘lishi kerak. Bayram ratsioni uchun eng talabgir mahsulotlarni xarid qilishda sifatlisini tanlash borasida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining mas’ul vakili Umida Mansurova ma’lumot berdi.
GO‘SHT VA GO‘SHT MAHSULOTLARI
Go‘sht sotib olayotganda, birinchi navbatda, uning rangiga e’tibor berish zarur: yuqori sifatli go‘sht yorqin qizil va pushti rangi bilan ajralib turadi. Yangi go‘sht bosib ko‘rilganda tezda asl shakliga qaytadi.
Mol, tovuq, baliq va boshqa go‘shtlarning sotuvoldi tayyorgarligi sanitariya-gigiena talablariga javob berishi lozim. Savdo rastalari me’yoriy haroratda va ozoda bo‘lishi go‘shtning sifatli bo‘lishini ta’minlaydi.
Dastlab go‘sht mahsulotlarini narxi bilan tanishish, so‘ng nima maqsadda foydalanishiga qarab tanlanadi. Xarid jarayonida taqdim etilayotgan go‘sht va unga qo‘shilgan suyak hamda yog‘lar “ulushi”ni ham ko‘zdan kechirish maqsadga muvofiq. Albatta, iste’molchilar go‘shtlarni qayta tortib ko‘rish nazorat tarozidan foydalanishlari mumkin.
KOLBASA
Yuqori sifatli va yaxshi kolbasa quruq, silliq, teshiksiz va tomirlarsiz bo‘ladi. Rangi jigarrang yoki yorqin qizil rangda bo‘lmasligi kerak. Tanlayotganda uning tarkibiga e’tibor bering: ma’lumotda birinchi o‘rinda go‘sht (mol, parranda), yog‘, ziravorlar va natriy nitrit mavjud bo‘ladi.
Sifatli kolbasa tarkibida murakkab oziq-ovqat qo‘shimchalari, karagen, kraxmal va soya kabi ingredientlar bo‘lmaydi.
KONSERVALAR
Go‘sht, baliq, meva va sabzavotli konservalarning saqlanish muddati 2 yil, go‘sht uchun maksmal 5 yil qilib belgilangan. Bu haqda yorlig‘ida ma’lumot beriladi, ishlab chiqarilgan sanasi banka qopqog‘iga muhrlanadi. Go‘sht konservalari 25 darajadan yuqori bo‘lmagan haroratda 6 oydan 30 oygacha, meva va sabzavotlar – 20 darajagacha saqlash haroratida 24 oygacha muddatda sotilishi kerak.
Havo kirmaydigan, sterilizatsiya qilingan metall, polimer, shisha idishdagi konservalar, sharbat va ichimliklar qog‘oz (yoki plastmassa) qutilarda +3 dan +10 °C darajagacha haroratda va havoning nisbiy namligi 85 foizdan oshmaydigan sharoitda saqlanadi.
Sut va sut mahsulotlari (sut, kefir, qaymoq, qatiq,tvorog, pishloq, suzma…) savdo rastalarida alohida sotilishi shart. Ularni ishlab chiqarish, tashish va sotish belgilangan tartibda amalga oshirilishi zarur. Xarid qilishda mahsulotning qadoqlari mustahkam bo‘lishi, ulardagi mahsulot nomi, tarkibi, hajmi, yog‘lilik darajasi kabi ma’lumotlarga e’tibor qaratish lozim. Mahsulot yorlig‘ida ishlab chiqaruvchi korxona nomi, telefon raqami va elektron pochta manzili ko‘rsatilishi kerak.
Tuxumlar. Amaldagi davlat standarti (O‘R. O‘z DSt 629:2014) “Oziq-ovqat uchun tovuq tuxumi” saqlash muddatiga ko‘ra parhez va oshxona turlariga bo‘linadi.
Qadog‘ida qanday ma’lumotlar bo‘lishi kerak:
►Ishlab chiqaruvchining nomi va yuridik manzili;
►ishlab chiqaruvchining tovar belgisi (agar mavjud bo‘lsa);
►saralash vaqti;
►yaroqlilik muddati va saqlash shartlari;
►ozuqaviy qiymati;
►sertifikatlash ma’lumotlari.
►amaldagi standartning belgilanishi;
►respublika hududida ishlab chiqarilgan mahsulotlar uchun “O‘ZBEKISTONDA ISHLAB CHIQARILGAN”, eksport uchun esa – “MADE IN – UZBEKISTAN” degan yozuv.
Tuxumlar saralab qadoqlanadi, ularni quyosh nuri va yog‘ingarchilikning ta’siriga uchraydigan holatda sotilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Huquq va manfaatlaringiz buzilgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga 1159 raqami orqali murojaat qiling.
Yodda tuting!
Go‘sht, sut, baliq, qandolatchilik mahsulotlari (tort, pirojnoe va boshqalar), yarim tayyor mahsulotlar va boshqa tez buziladigan mahsulotlarni sotishga faqat sovutiladigan peshtaxtalar, vitrinalar bo‘lgan taqdirda ruxsat beriladi. Zarur sifatga ega bo‘lmagan mahsulot nuqsonlari bo‘lsa, xarid qilingandan keyin 24 soat mobaynida nazorat kassa chekini taqdim etgan holda qaytarilishi mumkin.
Pokiza IDRISXON