2024-yil 22-oktyabr kuni Toshkentda «Barqaror investitsiyalar va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash orqali aholi farovonligini oshirish» mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi.
Tadbirda 15 ta xorijiy kompaniyalar va 80 ga yaqin mahalliy kompaniya vakillari ishtirok etdilar.
Konferensiyada Raqobat qo‘mitasi rais o‘rinbosari Farrux Karabayev mamlakatdagi islohotlar va kelgusidagi rejalar haqida batafsil ma’lumot berdi. Jumladan, raqobat siyosatini rivojlantirish va davlat ishtirokini qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlar haqida to‘xtalib o‘tdi. Shu bilan birga, Bozorda davlat ishtirokini kamaytirishga qaratilgan «sariq sahifalar» tamoyilini qabul qilish kabi muhim o‘zgarishlarni sanab o‘tdi.
Shuningdek tadbirda
AQSh-O‘zbekiston savdo palatasi ijrochi direktori Yelena Son investision islohotlar Amerika kompaniyalari uchun keng imkoniyatlar yaratishini ta’kidladi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Akram Aliyev 2017-2023-yillarda mamlakat yalpi ichki mahsuloti 60 milliard dollardan 90 milliard dollargacha oshgani, inflyatsiya 15 foizdan 8 foizga tushgani va kambag‘allik darajasi 17 foizdan 11 foizga kamaygani haqida ma’lumot berdi.
Germaniya xalqaro hamkorlik fondi vakili Liya Grauberger tadbirkorlikni rag‘batlantirishning ahamiyatiga e’tibor qaratdi.
Maks Plank jamiyati raqobat va innovatsiyalar instituti tadqiqotchisi Daria Kim va «IPOTEKA BANK» ATIB Kuzatuv kengashi Raisi Shandor Reti o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Tadbir davomida qatnashchilar O‘zbekistonning sarmoyaviy imkoniyatlari haqida ko‘proq ma’lumot olish bilan birga, hamkorlikni yana-da kengaytirish yuzasidan istiqbolli rejalarni muhokama qildilar.