Ayrim qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi
Prezident Farmoni (PF–188-son, 07.11.2023-y.) bilan ayrim qonunchilik hujjatlarini yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirish bo‘yicha o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Shunga ko‘ra:
- Sudyalar oliy kengashi raisi va aʼzolarini, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorini hamda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisini Prezidentning taqdimiga binoan Oliy Majlis Senati tomonidan saylash tartibi belgilandi;
- yangi tahrirdagi Konstitutsiyadagi davlat xizmatini o‘tash bilan bog‘liq cheklovlar qonun bilan belgilanishiga oid talabdan kelib chiqib, qonunosti hujjatlardagi bunday cheklovlar bekor qilinadi;
- mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini belgilashda insonning munosib turmush darajasini taʼminlash zarurati hisobga olinadi.
- Vazirliklar, Bosh prokuratura va Oliy sud 2024-yil 1-yanvargacha o‘zlariga biriktirilgan soha va tarmoqlar kesimida qonunosti hujjatlarni yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirish bo‘yicha Adliya vazirligiga taklif kiritadi.
Bunda quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratiladi:
- mulk huquqining konstitutsiyaviy kafolatlarini taʼminlash, shu jumladan, mulkdor o‘z mol-mulkidan qonunda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari hamda sudning qaroriga asoslanmagan holda mahrum etilishi mumkin emasligi haqidagi konstitutsiyaviy normadan kelib chiqib, ushbu masalalarni faqat qonunlar bilan belgilash;
- insonning huquq va erkinliklari faqat qonunga muvofiq cheklanishi mumkinligi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy talab asosida barcha qonunosti hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish;
- davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy taʼsir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerakligi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy normadan kelib chiqib, qonunosti hujjatlaridagi huquqiy taʼsir choralarini qayta ko‘rib chiqish;
- uy-joy daxlsizligi huquqini taʼminlash, hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligiga oid konstitutsiyaviy normalardan kelib chiqib, qonunosti hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish;
- O‘zbekiston hududida iqtisodiy makon birligi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy normaga muvofiq qonunosti hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish.