Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylovda deputat degan sharafli nomga sazovor bo‘lganlarni tabrikladi.
Bu yuksak ishonch ularning boy bilimi va hayotiy tajribasi, el-yurtimiz farovonligi yo‘lida qilayotgan fidoyi mehnatiga nisbatan xalqimizning ulkan hurmat va ehtiromi ifodasi ekani ta’kidlandi.
Har qanday saylov davlat va jamiyat uchun muhim siyosiy jarayon. Ayniqsa, jahondagi bugungi keskin va tahlikali vaziyatda bunday umumxalq tadbirlarini o‘tkazish yana-da katta mas’uliyat talab etadi. Turli mintaqalarda urush va janjallar, qarama-qarshilik va ziddiyatlar avj olib bormoqda.
Ana shunday g‘oyat murakkab davrda saylovlarni osoyishtalik sharoitida, emin-erkin o‘tkazganimiz yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlikdan dalolat beradi. Prezident barchamiz bu bebaho boyligimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashimiz va mustahkamlashimiz kerakligini qayd etdi.
Xorijiy tashkilotlar va kuzatuvchilar ham bo‘lib o‘tgan saylov jarayonlari xalqaro standartlarga to‘la mos holda o‘tganini e’tirof etib, ularga yuqori baho bergani ta’kidlandi (https://t.me/Press_Secretary_Uz/4982).