Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Reklama to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar” mavzuiga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.
Asadulla Qayumov,
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi rais o‘rinbosari
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan reklama bozorini tartibga solish sohasida amalga oshirilgan asosiy chora-tadbirlar to‘g‘risida qisqacha quyidagi ma’lumotlarni berib o‘taman.
Qo‘mitasi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish sohasida vakolatli davlat organi hisoblanib, asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan biri bu reklama bozorini tartibga solishdan iborat.
Ma’lumki, reklama faoliyati O‘zbekiston Respublikasi “Reklama to‘g‘risida”gi Qonuni va boshqa (10 ga yaqin) normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi.
Qo‘mita tomonidan reklama bozorini tartibga solishni nafaqat nazorat funksiyalari orqali, balki tushuntirish va profilaktika o‘tkazish, qonunbuzilish holatlarini oldini olish va tezkor bartaraf etish choralarini ko‘rish yo‘li bilan amalga oshirishga ko‘proq e’tibor qaratilgan.
Xususan, nazorat va profilaktika tadbirlarini o‘tgan yillarga nisbatan oshirilishi hisobiga, huquqbuzarliklar soni va darajasini kamaytirishga erishilmoqda.
Jumladan, ommaviy axborot vositalari, internet va ijtimoiy tarmoqlarda, tashqi reklama vositalarida joylashtirilgan (tarqatilgan) reklamalarni qonunchilik hujjatlariga mosligi yuzasidan jami 24 mingdan ortiq o‘rganishlar o‘tkazildi. Bulardan televideniyeda 308 ta, radio 247 ta, tashqi reklama vositalaridagi 19 mingdan ortiq, bosma nashrlarda 236 ta, va 4,5 mingdan ortiq internet va ijtimoiy tarmoqlarga to‘g‘ri keladi. O‘rganish (monitoring)lar natijasida 8 mingdan ortiq holatda turli kamchiliklar aniqlanib, ularni tezkor bartaraf etish choralari ko‘rilgan.
Shu bilan birga, so‘nggi yillarda ommalashib borayotgan axborot almashish va tarqatish manbai hisoblangan ijtimoiy tarmoqlarda 4 500 dan ortiq reklamalar yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazilgan, shundan 4596 ta (Facebook – 144 ta, Instagram – 344 ta, Telegram – 4 108 ta) qonunbuzilish holatlari aniqlangan va bartaraf etilgan.
Iste’molchilarning nomuayyan doirasi huquqlarini himoya qilish maqsadida ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalar va oziq-ovqat qo‘shimchalari reklamasini nazorat qilish bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Shu asosida, Qo‘mita tomonidan biologik faol qo‘shimchalar, malhamlar, surtmalar, balzamlar, damlamalar, shifobaxsh va ma’danli suvlarning reklamasida qayd etilgan xususiyati yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligidan 150 dan ortiq holat bo‘yicha ekspert xulosasi olingan, 103 ta holat bo‘yicha kamchiliklar bartaraf etilgan.
Shuningdek, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan hamkorlikda reklamaga oid qonunbuzilishlarga nisbatan tezkor choralar ko‘rish maqsadida bukmekerlik xizmatlariga oid reklamani targ‘ib qiluvchi saytlarga kirishni bloklash choralari ko‘rilmoqda.
Xususan, olib borilgan ishlar natijasida bukmekerlik xizmatlarni targ‘ib qiluvchi 92 ta veb-saytni bloklash bo‘yicha AOKAga takliflar kiritilgan bo‘lib, shundan 27 ta sayt bloklangan.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda estrada yulduzlari, sportchilar va blogerlar tomonidan totalizatorlar va bukmekerlik xizmatlarini reklama qilish holatlari bo‘yicha ichki ishlar organlariga 11 ta xatlar kiritilgan.
Bugungi kunda Qo‘mita tomonidan reklama beruvchi (tayyorlovchi, tarqatuvchi, buyurtmachi)larni qonun talablariga rioya etilishini ta’minlash yuzasidan turli soha va yo‘nalishda 400 dan ortiq ogohlantirish xatlari berildi.
Shu o‘rinda, fursatdan foydalanib reklamalarning davlat tili qoidalariga mosligini ta’minlashga doir masalalariga to‘xtalib o‘tmoqchiman.
Qo‘mita tegishli mas’ul idoralar bilan birgalikda respublikamizda mavjud tashqi reklama obyektlaridagi reklamalarning davlat tili qoidalariga mosligini o‘rganish yuzasidan jami 9 ming dan ortiq monitoringlar o‘tkazildi.
Shundan, 3 ming dan ortiq (35 foiz) reklamalar davlat tili qoidalariga muvofiq emasligi aniqlangan va ularni tezkor bartaraf etish choralari ko‘rilgan.