Asossiz undirilgan PULLAR Qaytarildi
Mo‘ynoq tumanida 2019-yildan boshlab 2023-yilning 1-choragi oxirigacha bo‘lgan davr oralig‘ida yangidan qurilgan ko‘p qavatli turar-joylar bo‘yicha kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berishda asossiz ravishda 4 371 250 so‘m miqdoridagi to‘lovlarni undirishdi. Shu borada amaliy yordam bersangiz.
(Ism-sharifi sir tutildi.)
Alisher Yusupov,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi rais o‘rinbosari
— Ushbu murojaat asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasining og‘ir hududlari hisoblangan Taxtako‘pir, Bo‘zatov, Sho‘manoy va Mo‘ynoq tumanlarida 2019-yildan 2023-yilning 1-choragi holatiga yangidan qurilgan ko‘p qavatli turar joylar uchun iste’molchilarga kadastr hujjatlari ishlab chiqilishi va ro‘yxatga olinishi holati Davlat kadastrlari palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasidan ma’lumotlarni so‘rab olish yo‘li bilan o‘rganildi.
O‘rganishlar natijasida Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-yanvardagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 37-son qarori 7-bandi, i-kichik xatboshi talablariga rioya etilmaganligi aniqlandi. Ya’ni, Mo‘ynoq tumanida 2019-yildan boshlab 2023-yilning 1-choragi oxirigacha bo‘lgan davrda yangi qurilgan ko‘p qavatli turar-joylar bo‘yicha kadastr hujjatlarini rasmiylashtirishda 15 nafar iste’molchi xar biridan asossiz ravishda 4 371 250 so‘m miqdorida ortiqcha to‘lov undirilganligi ma’lum bo‘ldi.
Ushbu holat bo‘yicha Davlat kadastrlari palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 21-moddasi uchinchi xatboshi talablari buzilganligi bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi.
Joriy yilning 5-iyul kuni ishni ko‘rib chiqish natijasida Davlat kadastrlari palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasiga O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 21-moddasi uchinchi xatboshisi talablari buzilishi holatlarini to‘xtatish hamda kelgusida yo‘l qo‘ymaslik, Mo‘ynoq tumanida 2019-yildan boshlab 2023-yilning 1-choragi oxirigacha bo‘lgan davr oralig‘ida yangidan qurilgan ko‘p qavatli turar-joylar bo‘yicha 15 ta iste’molchining kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berishda asossiz undirilgan 4 371 250 so‘mlik to‘lovlar iste’molchilarga qaytarilishi to‘g‘risida ko‘rsatma berildi.
«VA’DAGA VAFO – MARDNING IShI»
2022-yilda rasmiylashtirilgan shartnomaga asosan, xarid qilmoqchi bo‘lgan xonadonim o‘z vaqtida bitkazib berilmayapti. Shu sababdan dastlabki investitsion badal to‘lovi sifatida to‘langan 55 000 000 so‘m mablag‘ning qaytarilishida amaliy yordam bersangiz…
Ergashev O‘tkir Hakimov,
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari
—O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 19-moddasiga asosan, ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shart. Shuningdek, mazkur Qonunning 21-moddasi ikkinchi xatboshiga muvofiq, sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas.
“Va’daga vafo – mardning ishi” degan xalq maqoli bor. U juda topib aytilgan. Shartnoma – bu hujjat, kelishuv, lafz. Agar unga amal qilmasa, xizmat ko‘rsatuvchi mijozlarning ishonchini yo‘qotadi. Ushbu murojaat o‘rganilganda ham quruvchi tashkilot va fuqaro o‘rtasida tuzilgan shartnoma talablarining buzilishi holati aniqlandi. Holat yuzasidan amalga oshirilgan ishlar natijasida murojaatchiga 55 000 000 so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari qaytarilishi ta’minlandi.
Pokiza IDRISXON tayyorladi