Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Toshkent viloyati hududiy boshqarmasiga “Bekabod Rice Klaster” MChJ tomonidan murojaat kelib tushgan.
Murojaatda qayd etilishicha, Bekobod tuman Zafar elektr ta’minoti korxonasi bilan “Bekabod Rice Klaster” MChJ o‘rtasida 2021-yil 1-iyunda 22-0737-sonli elektr energiyasini yetkazib berish shartnomasi tuzilganligi va mazkur shartnomaning 1-ilovasiga asosan texnik shart bo‘yicha 482 kVtgacha ruxsat berilganligini, lekin Zafar ETK xodimlari tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi 22-son qaroriga asosan 1-ilova Elektr energiyasidan foydalanish qoidalarining 6-bandi buzilganligi, ya’ni tomonlar o‘rtasida tuzilgan shartnoma kompyuter dasturiga kiritilmagan degan vaj bilan jami 2 272 904 350 so‘mlik qarzdorlik hisoblanganligi haqida dalolatnomalar rasmiylashtirilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan “Bekabod Rice Klaster” MChJ murojaati o‘rganilganda Bekobod tuman Zafar elektr ta’minoti korxonasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi qonun talablari buzilgani aniqlandi. Qonunbuzilish holati bo‘yicha “Toshkent hududiy elektr tarmoqlari” AJga nisbatan “Raqobat, tabiiy monopoliyalar, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish va reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ish qo‘zg‘atish va ularni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga asosan ish qo‘zg‘atildi.
Hududiy boshqarma maxsus komissiyasi tomonidan joriy yil 23-may sanasida “Bekabod Rice Klaster” MChJga hisoblangan qarzdorlikni 1 359 570 150,0 so‘m miqdoridagi summa asossiz ravishda hisoblangan deb topilib, qayta hisob-kitob qilish bo‘yicha “Toshkent hududiy elektr tarmoqlari” AJga bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.