Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi 2024-yil 9-avgustda “Max-Tea” MCHJning murojaati asosida faoliyati choy mahsulotlarini ishlab chiqarish va yetkazib berish bilan shug‘ullanuvchi “Max-Tea” va “And Zamin Tea” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari o‘rtasidagi tovar belgisi bilan bog‘liq bo‘lgan nizoni ko‘rib chiqdi. Xususan, mazkur ishda choy ishlab chiqaruvchi “And Zamin Tea” MCHJ o‘zining ikki turdagi mahsulotlarini “BEKOY-TEA” tovar belgisi ostida fuqarolik muomalasiga kiritganligi, biroq, mazkur mahsulotlarning qadoqlanishi aynan “Max-Tea” MCHJ tomonidan avval fuqarolik muomalasiga kiritilgan “BEGOYIM” tovar belgisi bilan o‘xshash ekanligi aniqlandi. Ya’ni, ko‘k va qora choylarning qadog‘idagi tovar belgilarining turlari va shakllarining uyg‘unligi hamda ularning qadoqdagi joylashgan joylari iste’molchilarni adashtirish darajasida bir-birini takrorlagan. O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining 21-moddasi bilan xo‘jalik yurituvchi subyektlar yoki ularning manfaatlarini ko‘zlab boshqa shaxslar tomonidan raqobatchilarga nisbatan insofsiz raqobatni amalga oshirish taqiqlangan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 29-dekabrdagi 694-sonli qarorining 2-ilovasi bilan tasdiqlangan “Insofsiz raqobatni aniqlash metodikasi”ning 6-bandidan avval fuqarolik muomalasiga kiritilgan tovar, ish va xizmatlarning tashqi bezatilishi va shakli, nomi, tamg‘alanishi, etiketkasi, o‘rovi, ranglar uyg‘unligini takrorlash orqali raqobatchi xo‘jalik yurituvchi subyekt tomonidan tovarni fuqarolik muomalasiga kiritish insofsiz raqobat belgilaridan biri deb belgilangan. Ishni ko‘rib chiqish yakuniga ko‘ra, Raqobat qo‘mitasi “And Zamin Tea” MCHJni O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining 21-moddasini buzgan deb topib, unga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llanildi. Shuningdek, qonunbuzilishi holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Kanalga ulanish https://t.me/RaqobatGovUz
Ushbu yangilik bilan boʻlishish