Joriy yilning 22-23-oktyabr kunlari Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan Navoiy viloyatida aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
G‘azg‘on shahar, Nurota, Karmana va Navbahor tumanlarida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda jismoniy va yuridik shaxslarning kommunal soha, suv ta’minoti, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik va imtiyozli kredit hamda boshqa masalalar yuzasidan yo‘llagan murojaatlari o‘rganildi.
Mazkur suhbat davomida jismoniy va yuridik shaxslar suv ta’minoti, elektr energiyasi va gaz normalari masalalari hamda savdo sohasidagi kamchiliklar to‘g‘risida o‘zlarining murojaatlarini yo‘lladilar.
Jumladan, G‘azg‘on shahar “Marmarobod” MFY raisi tomonidan MFYning 225 ta xonadonida suyultirilgan gaz ballonlar belgilangan vaqtlarda kelmayotganligi, mahalladagi mavjud 374 ta xonadonlarda tomorqa ekinlari sug‘orish uchun suv yo‘qligi masalasi ko‘tarildi. Ushbu murojaatlar ijrosi natijasida «HUDUDGAZ NAVOIY” gaz ta’minoti filiali bilan joyida hal etilishi ta’minlandi.
Shuningdek, Navbahor tumani “Mirzo Ulug‘bek” MFYda istiqomat qiluvchi fuqarolar tomonidan kuz-qish mavsumi uchun ko‘mir ajratish va ishga joylashtirish masalasida ko‘tarilgan murojaatlar xam hal etildi.
Ushbu tumandagi “Toshrabot” MFYda joylashgan “NAV-SHIRIN DIYOR” OK rahbari tomonidan tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish maqsadida imtiyozli kredit ajratilishida amaliy yordam so‘ralgan, mahalladagi hokim yordamchisi orqali hujjatlar rasmiylashtirilib, imtiyozli kredit ajratishga kelishildi.