Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 21-iyuldagi O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 32 yilligini keng nishonlashga puxta tayyorgarlik ko‘rish, hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari ko‘lamini yanada kengaytirish, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmalari holatini yaxshilash, “mahalladan xonadongacha” tamoyili asosida mahallalar hududlarini obodonlashtirish orqali aholi farovonligini oshirishga qaratilgan 459-F-son Farmoyish 18-bandida belgilangan topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida, Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanining 8 ta (“Turon”, “Hamid Olimjon”, “Shahrisabz”, “Elobod”, “Bahor”, “Bog‘imaydon”, “Bo‘z”, “Kamolot”) mahallasida “Obodonlashtirish oyligi”ni uyushqoqlik bilan o‘tkazib, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarida ko‘maklashib kelmoqda.
Bugungi kungacha Qo‘mita tomonidan mahallalar atrofidagi hududlarning holati va tozaligini o‘rganish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari ko‘lamini kengaytirish hamda obodonlashtirish uchun mahallalarga kerak bo‘ladigan xo‘jalik buyumlarini aniqlash maqsadida, har bir mahallalarga mas’ul xodimlar biriktirildi. O‘rganish davomida obodonlashtirilishi kerak bo‘lgan hududlar aniqlanib, chiqindilardan tozalandi, mahallalar atrofi obodonlashtirildi, gullar ekildi, mevali va manzarali daraxtlar sug‘orildi hamda oqlandi.
Shuningdek, Qo‘mita tomonidan “Obodonlashtirish oyligi” doirasida “Turon”, “Hamid Olimjon”, “Shahrisabz”, “Elobod”, “Bahor”, “Bog‘imaydon”, “Bo‘z” va “Kamolot” mahallalariga 100 kg dan jami 800 kg ohak, “Shahrisabz” mahallasiga 2 dona suv nasosi hamda “Bo‘z” mahallasiga 400 vtlik 4 dona ko‘cha yoritgichi (projektor) olib berildi.