Raqobat qo‘mitasi xatlovida 127 ta un ishlab chiqaruvchi korxona talablarga mos emasligi aniqlanib, nazoratni kuchaytirish bo‘yicha tegishli instansiyalarga takliflar kiritildi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan topshiriqqa muvofiq birja savdolarida talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar, xususan bug‘doy va un mahsulotining birja orqali savdoga qo‘yilishi, realizatsiya qilinishi hamda narxlar shakllanishiga ta’sir etuvchi omillar doimiy monitoring qilib borilmoqda.
Qo‘mita Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi bilan hamkorlikda Jamg‘arma tomonidan birja savdolari orqali sotilgan bug‘doyni xarid qilgan un ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlarini qayta xatlovdan o‘tkazdi.
O‘rganishlar davomida korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlari, donni qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarish hajmlari, ombor va saqlash quvvatlari, shuningdek, muvofiqlik sertifikati hamda sanitariya-epidemiologik xulosaning mavjudligi kabi ko‘rsatkichlar o‘rganildi.
Xatlov natijalariga ko‘ra, respublikada un ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 301 ta tadbirkorlik subyekti mavjudligi aniqlandi.
Shundan,
🔘49 tasi o‘z ishlab chiqarish quvvatlariga ega bo‘lmasdan daval shartnomalari asosida faoliyat yuritishi,
🔘22 tasi vaqtincha ishlamayotgani,
🔘6 tasining faoliyati to‘xtatilgani,
🔘42 tasida muvofiqlik sertifikati va
🔘8 tasida sanitariya-epidemiologik xulosa mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi.
Yuqoridagilarga ko‘ra, Raqobat qo‘mitasi tomonidan Jamg‘arma bug‘doyini xarid qilgan korxonalar tomonidan undan maqsadli foydalanish ustidan nazoratni kuchaytirish hamda mazkur sohadagi tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan takliflar tegishli instansiyalarga kiritildi.








