O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-sentyabrdagi 520-son qaroriga ko‘ra ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) davlat aksiyalari paketi (ulushi) xususiylashtirilishi rejalashtirilayotgan obyekt faoliyati sohasida raqobat yetarlicha rivojlanganligi yuzasidan xulosa berish Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi hamda uning hududiy organlari tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.
Xulosa xususiylashtirilishi rejalashtirilayotgan obyektlar faoliyati sohasida raqobat yetarlicha rivojlanganligidan kelib chiqib beriladi.
Shu bilan birga, davlat muassasalari faoliyati sohasida quyidagi yo‘nalishlarda takliflar ishlab chiqiladi:
⏺️davlat mulkiga egalik qilish mezonlariga mos bo‘lmagan davlat muassasalarini xususiylashtirish yoki tugatish;
⏺️davlat muassasalari faoliyati sohasida raqobat yetarlicha rivojlanganligidan kelib chiqib, ularni xususiylashtirish, tugatish yoki saqlab qolish.
Yangi tartibga ko‘ra, xususiylashtirilishi rejalashtirilayotgan obyektlar ro‘yxati Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan monopoliyaga qarshi organga har yili 1-sentyabrga qadar taqdim etiladi. Monopoliyaga qarshi organ tegishli tahlillarni o‘tkazgandan so‘ng 1-dekabrga qadar yakuniy xulosa beradi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi har yillik davlat mulkini xususiylashtirish dasturlarini shakllantirishda monopoliyaga qarshi organning xulosasini inobatga oladi. Xulosa va taklif berish jarayoni axborot tizimlari orqali elektron, integratsiyalashgan holda amalga oshiriladi.








