Qoraqalpog‘istonda 200 ta tanlov savdosida raqobatga qarshi kelishuv harakatlari aniqlandi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida-2026-yilning yanvar–iyun oylarida umumiy qiymati 41 mlrd. so‘mga yaqin
345 ta tanlov savdosi tahlil qilindi. O‘rganishlar natijasida qiymati 32,1 mlrd. so‘m bo‘lgan 317 ta davlat xaridida jami 842 ta raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga zid holatlar aniqlandi.
Jumladan, 2025-yil davomida etender.uzex.uz elektron platformasi orqali yo‘l qurilishida foydalanilgan qurilish materiallari va bajarilgan ishlar sifatini laboratoriya sinovlaridan o‘tkazish hamda laboratoriya xulosalari va sinov bayonnomalarini rasmiylashtirish xizmatlarini xarid qilishga oid boshlang‘ich qiymati 1,6 mlrd. so‘mdan ortiq bo‘lgan 200 ta tanlov savdosi o‘rganildi.
Tahlillar natijasida buyurtmachi hamda tanlovlarda ishtirok etgan ayrim xo‘jalik yurituvchi subyektlar harakatlarida raqobatga qarshi kelishuvlar va muvofiqlashtirilgan harakatlar alomatlari mavjudligi aniqlandi. Xususan, o‘rganishlar davomida:
ishtirokchilarning tanlovlarda hududlar kesimida o‘zaro taqsimlangan holda ishtirok etganligi;
ayrim korxonalarning muntazam ravishda birgalikda ishtirok etishi natijasida muayyan ishtirokchining doimiy ravishda g‘olib bo‘lganligi;
taklif etilgan narxlarda bir xil va sinxron yondashuvlar qo‘llanganligi;
ayrim holatlarda laboratoriya sinov bayonnomalari tanlov o‘tkazilishi hamda shartnoma tuzilishidan avval rasmiylashtirilganligi;
ayrim shartnomalar bo‘yicha ishlar G‘aznachilikda ro‘yxatdan o‘tgan kunning o‘zida yoki ertasi kuni to‘liq bajarilganligi haqida hisob-fakturalar rasmiylashtirilganligi aniqlandi.
Mazkur holatlar yuzasidan Maxsus komissiya tomonidan buyurtmachi harakatlarida «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonunining 29-moddasi talablariga rioya qilinmaganligi, ya’ni savdolarda raqobatni cheklaydigan yoki cheklashga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlar aniqlandi.
Shu bilan birga, aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish hamda kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berilib, qonunbuzilishiga yo‘l qo‘ygan mas’ul mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, tegishli tartibda sud organlariga yuborildi.








