Energiya ta’minoti sohasida iste’molchilar uchun yangi tartiblar belgilandi
Raqobat qo‘mitasining takliflari asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 22-sentabrdagi 202-son Farmoni 7-ilovasi bilan amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
🔘O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-maydagi PF-5059-son Farmoni 8-bandi beshinchi xatboshisi;
🔘Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 10-iyuldagi 484-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 23-bandi;
🔘Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-maydagi 319-son qarori bilan tasdiqlangan Tabiiy gazdan foydalanish qoidalarining 107 va 118-bandlari
chiqarib tashlandi.
Endilikda qarzdorligi sababli elektr energiyasi yoki tabiiy gaz tarmog‘idan uzilgan iste’molchilarni qayta ulash uchun qo‘shimcha to‘lov undirilmaydi.
Ya’ni, qayta ulanishda maishiy iste’molchilardan bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari, yuridik iste’molchilardan esa o‘n baravari miqdorida to‘lov talab etilmaydi.
Shuningdek, Elektr energiyasidan foydalanish qoidalarining 78-bandiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Unga ko‘ra, asosiy va zaxira elektr ta’minoti uchun ulangan quvvati yig‘indisi 750 kVA va undan ortiq bo‘lgan hamda elektr energiyasi uchun tabaqalashtirilgan tarif bo‘yicha hisob-kitob qilinadigan iste’molchilar uchun:
– tungi davrda — soat 22:00 dan 24:00 gacha va 00:00 dan 06:00 gacha belgilangan tarifga nisbatan 1,5 baravar miqdorida kamaytiruvchi koeffitsiyent qo‘llash bekor qilindi;
– yarim tig‘iz davrda — soat 09:00 dan 17:00 gacha belgilangan tarifga nisbatan 1,5 baravar miqdorida kamaytiruvchi koeffitsiyent qo‘llaniladi.
Bundan tashqari, elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarida «namunali iste’molchilar» uchun alohida tarif va to‘lov tartibi belgilandi.
Bunda qarzi mavjud bo‘lmagan va zamonaviy hisoblagichlar bilan ta’minlangan iste’molchilarga quyidagi imkoniyatlar yaratildi:
– hisobot oyi boshiga qadar 15 foiz miqdorida oldindan to‘lov amalga oshirish;
– qolgan to‘lovlarni oy davomida amalga oshirish;
– qarzdorlik sababli tarmoqdan uzilib qolish holatlari qoidalarni buzish holati sifatida baholanmasligi belgilandi.
Shuningdek, tabiiy gazdan foydalanuvchi issiqxona xo‘jaliklari uchun ham alohida to‘lov tartibi joriy etildi.
Unga ko‘ra, hosil yilining dastlabki 6 oyi — oktabr-mart oylarida yetkazib beriladigan tabiiy gaz uchun:
– 50 foiz miqdorida oldindan to‘lov amalga oshiriladi;
– qolgan qismi oy yakuniga qadar to‘lanadi;
– keyingi oylardan boshlab esa 100 foiz oldindan to‘lov amalga oshiriladi.
Mazkur tartib avvalgi oyda qarzdorligi bo‘lmagan issiqxona xo‘jaliklariga nisbatan qo‘llaniladi.
Shu tariqa, kiritilgan o‘zgartirishlar iste’molchilar uchun ortiqcha to‘lovlarni bartaraf etish, to‘lovlarni amalga oshirishda qulaylik yaratish hamda elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish sohasida iste’molchilar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan.
Farmon bilan tanishish (https://www.lex.uz/uz/docs/-8508670)








