Raqobat qo‘mitasi tadbirkorlardan asossiz undirilgan 5,5 mlrd so‘mlik to‘lovlar yuzasidan hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga nisbatan ish qo‘zg‘atdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlariga muvofiq, elektr energiyasidan qarzdorlik bartaraf etilganidan keyin korxonalarni elektr tarmog‘iga qayta ulash uchun jarima va qo‘shimcha to‘lovlarni qo‘llash bekor qilingan bo‘lib, davlat organlari mazkur normalarning qonunosti hujjatlari qabul qilinishini kutmasdan to‘g‘ridan to‘g‘ri amalga oshirilishini ta’minlashi belgilangan.
Ushbu talablarni amalga oshirish maqsadida elektr energiyasidan foydalanish qoidalariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilib, elektr tarmoqlaridan uzib qo‘yilgan iste’molchilarni qayta ulash uchun undiriladigan to‘lovlar bekor qilindi.
Biroq, Raqobat qo‘mitasiga Biznes-ombudsman tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar tahlili natijasida hududiy elektr tarmoqlari korxonalari tomonidan 2025-yil 23-avgustdan joriy yilning fevral oyiga qadar respublika bo‘yicha tadbirkorlik subyektlaridan jami 965 ta holatda qayta ulanish uchun 5,5 mlrd so‘m to‘lov undirilgani hamda asossiz daromad olinganligi alomatlari aniqlandi.
Yuqoridagi aniqlangan holatlarga muvofiq, Raqobat qo‘mitasi tomonidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ hamda uning tizimidagi korxonalarga nisbatan ish qo‘zg‘atildi.
Ayni vaqtda mazkur holat manfaatdor davlat organlari ishtirokida har tomonlama o‘rganilib, huquqiy baho berilmoqda.
Ishni ko‘rib chiqish yakunlari yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi.








