Bugungi kunda onlayn, raqamli marketing sohasi rivojlanib xalqimiz tomonidan ijtimoiy tarmoqlardagi axborot manbalariga bo‘lgan qiziqish va kuzatish tobora rivojlanib bormoqda, reklama beruvchilar ham ommabop kanallar(platformalar)ga reklama joylashtirishga tobora ko‘proq intilishmoqda.
“Reklama to‘g‘risida”gi Qonunda reklamani tarqatish, identifikatsiya qilishga oid talablar belgilangan:
🔘har qanday reklama vositalaridan foydalangan holda tarqatiladigan, mazmuni O‘zbekiston hududida bo‘lgan reklamadan foydalanuvchilarga qaratilgan va reklama obyektiga e’tiborni jalb qilish, unga bo‘lgan qiziqishni shakllantirish yoki qo‘llab-quvvatlash, shuningdek uni bozorda bevosita yoki bilvosita foyda (daromad) olish maqsadida ilgari surish uchun mo‘ljallangan maxsus axborot – reklama hisoblanadi ( Qonunning 5-moddasi).
Reklamani boshqa axborotdan “reklama” yoki “reklama huquqi asosida” belgisi bilan ajratgan holda joylashtirilishi shuningdek, tahliliy maqolalar, sharhlar, fikrlar, mulohazalardan tijorat maqsadi ko‘zlangan bo‘lsa, ularni reklama sifatida belgilangan holda aniq ko‘rsatish lozim.
Ammo ba’zida ma’lum bir axborotlarni tarqatishda ko‘plab suiiste’molliklarga yo‘l qo‘yilmoqda, oddiy axborot materialidan reklama axborotini ajratib turuvchi va belgilab o‘tilishi shart bo‘lgan “reklama” yoki “reklama huquqi asosida” belgisini ko‘rsatmaslik, identifikatsiya qilishga oid talablariga amal qilmaslik holatlari ko‘plab kuzatilmoqda.
Ma’lumot uchun: Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘tgan vaqt davomida «Reklama to‘g‘risida»gi Qonunchilik talablari buzilishi yuzasidan 20 dan ortiq ijtimoiy tarmoqlarda tashkil qilingan guruh va kanal ma’murlari (adminlari), bloger, vayner va boshqa tarmoq faollariga tegishli ta’sir chorasi qo‘llanilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Raqobat qo‘mitasi barcha OAVlar, ijtimoiy tarmoqlarda tashkil qilingan guruh va kanal ma’murlari (adminlari), bloger, vayner va boshqa tarmoq faollarini keng jamoatchilikka axborotlarni tayyorlash va tarqatishda amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilish lozimligini eslatib o‘tadi hamda yuqoridagi kabi qonunbuzilish holatlari aniqlangan taqdirda belgilangan tartibda chora ko‘rilishi bo‘yicha ogohlantiradi!








