#Seminar
“Iste’molchilar murojaatlari bilan ishlash va aholining huquqiy savodxonligini oshirish” mavzusidagi o‘quv-amaliy seminar yakunlandi
Joriy yilning 11–12-avgust kunlari Raqobat qo‘mitasi hamda Germaniyaning “German Sparkassenstiftung for International Cooperation” tashkiloti hamkorligida qo‘mita hududiy organlari xodimlari uchun tashkil etilgan ikki kunlik o‘quv-amaliy seminar o‘z ishini yakunladi.
Seminarning ikkinchi kunida O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, “Uzum” raqamli ekotizimi, Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi hamda xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar mas’ul xodimlari ishtirokida taqdimot va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Tadbir davomida aholidan kelib tushayotgan murojaatlar bilan samarali ishlash, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, shuningdek, moliyaviy, telekommunikatsiya va boshqa xizmatlar sohasida iste’molchilarning qonuniy manfaatlarini ta’minlashga oid dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, ishtirokchilar o‘z faoliyatida duch kelayotgan masalalar yuzasidan fikr va tajriba almashdilar.
Ikki kunlik o‘quv-amaliy seminar yakunida ishtirokchilarga malaka oshirganligini tasdiqlovchi maxsus sertifikatlar topshirildi.
Seminar doirasida egallangan bilim va amaliy ko‘nikmalarning keyinchalik respublika hududlarida, jumladan, mahallalarda aholi, xususan xotin-qizlarning huquqiy va moliyaviy savodxonligini oshirishga xizmat qilishi belgilandi.








