Birjada yuqori likvidli mahsulotlar savdosi va davlat xaridlari masalalari muhokama qilinmoqda
Ayni paytda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi hamda Respublika tovar-xomashyo birjasi hamkorligida “Birjada yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlar savdosi hamda davlat xaridlari masalalari” mavzusida seminar o‘tkazilmoqda.
Tadbirni Raqobat qo‘mitasi Raqobatga zid harakatlarga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i D.Rahimov kirish so‘zi bilan ochib, tovar va moliyaviy bozorlarning samarali faoliyat yuritishini ta’minlash, birja savdolarida shaffoflik va ochiqlikni kuchaytirish, shuningdek, zamonaviy bozor infratuzilmasini rivojlantirishda ilg‘or xalqaro tajribalarni joriy etish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi.
Seminarda Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, “O‘zkimyosanoat” AJ, “O‘zbekneftgaz” AJ, “O‘zmetkombinat” AJ, “Olmaliq KMK” AJ, “Navoiy KMK” AJ, “Toshkent metallurgiya zavodi” AJ hamda boshqa yuqori likvidli mahsulotlar sotuvchilari, importchilar, brokerlik idoralari va treyderlar ishtirok etmoqda.
Tadbir davomida birja savdolarida raqobat muhitini yanada rivojlantirish, monopol mahsulotlar savdosida shaffoflikni oshirish, davlat xaridlari tizimini takomillashtirish hamda sohadagi amaliy muammolar va ularning yechimlari yuzasidan fikr almashilmoqda.








