Raqobat qoʻmitasi oʻz vakolatlari doirasida isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish hamda reklama toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi.
Olib borilgan monitoring va tahlillar natijasida ommaviy axborot vositalari, internet saytlari hamda ijtimoiy tarmoqlarda qonunchilik talablariga zid, isteʼmolchilarni chalgʻituvchi yoki notoʻgʻri axborotni oʻz ichiga olgan reklamalarni joylashtirish holatlari hamon uchrab turgani aniqlandi. Bunday qonunbuzilishlarning asosiy qismi moliyaviy xizmatlar reklamasi hissasiga toʻgʻri kelmoqda.
Xususan, oʻtgan davr mobaynida Qoʻmita tomonidan moliyaviy xizmatlarga oid notoʻgʻri reklama tarqatgan 20 dan ortiq tijorat banki va mikromoliya tashkilotiga nisbatan belgilangan tartibda moliyaviy jarimalar qoʻllanildi.
Amaldagi “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunning 43-moddasiga muvofiq, moliyaviy xizmatlarga oid reklama:
— moliyaviy xizmatlar reklamasi yoki ular haqidagi reklama xususiyatiga ega axborot sifatida boshqa axborotdan aniq ajralib turishi;
— reklamadan foydalanuvchilarning ishonchini suiisteʼmol qilmasligi hamda ularning tajribasi yoki bilim yetishmasligidan foydalanishga qaratilmagan boʻlishi;
— reklama qilinayotgan moliyaviy xizmatlarga bevosita aloqador boʻlmagan maʼlumotlarni oʻz ichiga olmasligi;
— shartnoma tuzishda muhim ahamiyatga ega boʻlgan shartlarni toʻliq ochib berishi lozim.
Biroq oʻrganishlar davomida ayrim reklamalarda omonatlar va kreditlar boʻyicha foiz stavkalari, amal qilish muddati, minimal talablar, qoʻshimcha toʻlovlar, mikroqarz shartlari, vositachilik yoki sugʻurta toʻlovlari kabi muhim maʼlumotlar umuman keltirilmagani yoki juda qisqa, noaniq va isteʼmolchi uchun tushunish qiyin boʻlgan shaklda berilgani aniqlandi.
Shuningdek, moliyaviy xizmatlar reklamalarida ikki maʼnoli iboralardan foydalanish, xizmat shartlarini boʻrttirib koʻrsatish yoki boshqa tashkilotlar nomi va tovar belgilariga tegishli kalit soʻzlardan foydalanish orqali isteʼmolchilarni chalgʻitish holatlari ham kuzatilmoqda. Bu esa isteʼmolchilarning tovar (ish, xizmat) toʻgʻrisida toʻgʻri, toʻliq va ishonchli maʼlumot olish huquqlari buzilishiga sabab boʻlmoqda.
Raqobat qoʻmitasi ogohlantiradi!
Moliyaviy xizmatlarga oid reklamalarda maʼlumotlar aniq va toʻliq boʻlishi, isteʼmolchilar uchun oson oʻqiladigan va tushunarli shaklda taqdim etilishi, fon bilan uygʻunlashib ketadigan, oʻqilishi qiyin boʻlgan mayda shriftlarda yoki yashirin matn koʻrinishida berilmasligi shart.
Shuningdek, moliyaviy xizmatlar reklamalarida notoʻgʻri yoki chalgʻituvchi axborotlarni joylashtirish holatlari aniqlangan taqdirda, qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli moliyaviy sanksiyalar qoʻllanilishini maʼlum qilamiz.








