Joriy yilning 2-iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kimyo sanoatini rivojlantirish va hududlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda kimyo sanoatining iqtisodiyotdagi ahamiyati ta’kidlanib, sohada qo‘shilgan qiymatni oshirish, energiya sarfini qisqartirish hamda mavjud xomashyo zaxiralaridan samarali foydalanish bo‘yicha muhim vazifalar belgilandi.
Yig‘ilishda belgilangan ustuvor vazifalardan kelib chiqib, Raqobat qo‘mitasi tomonidan kimyo sanoatining turli yo‘nalishlarida ichki bozor holati, talab va taklif muvozanati, ishlab chiqarish quvvatlari, raqobat muhiti hamda investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari yuzasidan kompleks tahliliy o‘rganishlar o‘tkazildi.
Tahlillarga ko‘ra, kimyo sanoatida ishlab chiqarish hajmlari o‘sib borayotgan bo‘lsa-da, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega ayrim mahsulotlar bilan ichki bozorni ta’minlash darajasi past bo‘lib qolmoqda. Jumladan, farmatsevtika, kosmetika, organik kimyoviy birikmalar, polimer va maxsus kimyoviy mahsulotlarga bo‘lgan talabning asosiy qismi import hisobiga qoplanmoqda.
Shu munosabat bilan, tarmoqda yuqori talabga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish va import o‘rnini bosuvchi yangi quvvatlarni yaratish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada “Maxam-Chirchiq”, “Navoiyazot”, “Dehqonobod kaliy zavodi”, “Ammofos Maxam”, “Indorama Kokand Fertilizers and Chemicals” hamda “Farg‘onaazot” kabi yirik korxonalarning mavjud salohiyatidan samarali foydalanish orqali yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish ichki bozorni mahalliy mahsulotlar bilan yanada to‘yintirishga xizmat qiladi.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan kimyo sanoati tarmog‘idagi tovar bozorlarining holati, ichki bozorning mahalliy mahsulotlar bilan ta’minlanganlik darajasi, talab va taklif tendensiyalari hamda raqobat muhiti yuzasidan tizimli tahliliy o‘rganishlar izchil davom ettiriladi.
Hurmatli tadbirkorlar, kimyo sanoati tarmog‘ida ichki bozorning muayyan turdagi mahsulotlar bilan to‘yinganlik darajasini o‘rganish va tahliliy ma’lumot olish masalalari yuzasidan Raqobat qo‘mitasiga murojaat qilishingiz mumkin.








