Raqobat qo‘mitasi tomonidan 6 ta subyektga yuqori likvidli mahsulotlarni birja savdolariga qo‘yishda 8 mlrd so‘mdan ortiq qonunbuzilish holatlari yuzasidan tegishli ta’sir chorasi qo‘llanildi
Qo‘mita tomonidan olib borilgan o‘rganish va tahlillarda O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonun va Vazirlar Mahkamasining 170-sonli qarori talablari buzilgan holatlari aniqlangan xo‘jalik yurituvchi subyektlarga nisbatan o‘rnatilgan tartibda ish qo‘zg‘atilib, tegishli qaror va ko‘rsatmalar berib borilmoqda.
Hududlar kesimida olib borilgan o‘rganishlardan,
🟠 Qashqadaryo viloyati
“Koson yog‘ kombinat” MCHJ 7 ta holatda birjaga qo‘yilishi lozim bo‘lgan o‘simlik yog‘i, paxta sheluxa va paxta shroti mahsulotlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida sotib, 91 mln so‘mdan ortiq daromad olgani aniqlandi.
Maxsus komissiya tomonidan korxonaga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, qonunbuzilish holatlariga kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha tegishli ko‘rsatma berildi hamda asossiz olingan daromad qayta hisob-kitob qilindi.
🟠 Namangan viloyati
“Pop sement” MCHJ 2026-yil 1-choragida ishlab chiqarilgan sement mahsulotining kamida 50 foizini birja orqali sotish talabiga rioya qilmasdan, 4,3 ming tonna 2,4 mlrd so‘mdan ortiq sementni to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar orqali sotgani aniqlandi.
Maxsus komissiya tomonidan korxonaga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llanildi, shuningdek qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.
🟠 Samarqand viloyati
“Humo Agro Platinum” MCHJ va “Zomin Ishonch” MCHJ tomonidan Jamg‘arma orqali birjadan xarid qilingan bug‘doyni qayta ishlashdan olingan un mahsulotlari belgilangan muddat va hajmlarda birja savdolariga qo‘yilmagani aniqlandi.
Maxsus komissiya tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 29-moddasi va VMning 170-sonli qarori talablari buzilishi yuzasidan mazkur subyektlarga nisbatan ishlar qo‘zg‘atilib, natijasi bo‘yicha belgilangan tartibda qonuniy ta’sir choralari qo‘llanildi.
🟠 Surxondaryo viloyati
“SURXONDARYODONMAHSULOTLARI” AJ Jamg‘armadan birja orqali sotib olingan 485 tonna 3-sinf bug‘doydan ishlab chiqarilishi lozim bo‘lgan 364 tonna unni birjaga qo‘ymagani, shuningdek 375 tonna 1-sort unni to‘g‘ridan to‘g‘ri eksport shartnomasi asosida 1,2 mlrd so‘mdan ortiq qiymatda sotgani aniqlandi.
Maxsus komissiya tomonidan korxonaga nisbatan qaror qabul qilinib, moliyaviy jarimani ixtiyoriy to‘lash, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish hamda kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.
🟠 Toshkent shahri
“Shavkat Business Agro” MCHJ, “Export Gold Agro” MCHJ va “Flour Asia” MCHJlar tomonidan Jamg‘armadan birja orqali xarid qilingan bug‘doyni qayta ishlashdan olingan mahsulotlarni birjaga qo‘ymasdan bug‘doyni to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha sotish holatlari yuzasidan qonunbuzilish alomatlari aniqlandi.
Mazkur subyektlarga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, ishni ko‘rib chiqish yakuni bo‘yicha Maxsus komissiya tomonidan qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.
🟠 Toshkent viloyati
Hududiy boshqarma tomonidan olib borilgan monitoring davomida “O‘zbekko‘mir” AJ tomonidan 2026-yil aprel oyi davomida birja savdolariga qo‘yilgan ko‘mir mahsuloti tasdiqlangan grafikda nazarda tutilgan muddatlar va hajmlarda qo‘yilmagani, reja-jadval buzilgani manipulyatsiya harakatlari natijasida 4.3 mlrd. so‘mdan ziyod mahsulotlar realizatsiya qilinganligi aniqlandi.
Hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan “O‘zbekko‘mir” AJga qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan tegishli ko‘rsatma berildi.








