Bugun Filippinning Manila shahrida Raqobat masalalari bo‘yicha xalqaro tarmoqning 25-yillik an’anaviy konferensiyasi — ICN Annual Conference 2026 o‘z ishini boshladi.
ICN raqobat siyosati sohasidagi yetakchi xalqaro platformalardan biri hisoblanib, har yili dunyoning 140 dan ortiq yurisdiksiyalaridan 400 ga yaqin regulyatorlar va ekspertlarni dolzarb chaqiriqlarni muhokama qilish, tajriba almashish hamda raqobatni rivojlantirishning zamonaviy mexanizmlarini ilgari surish maqsadida birlashtiradi.
Forum doirasida Qo‘mita raisi Halilillo Turaxujayev Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining raqobat masalalari bo‘yicha bo‘linmasi rahbari Ori Shvars bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralar davomida IHTT bilan hamkorlikni yana-da rivojlantirish, Qo‘mita xodimlarining IHTTning Raqobat masalalari bo‘yicha mintaqaviy markazi dasturlarida ishtirokini kengaytirish, shuningdek Qo‘mitaning institusional salohiyatini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, IHTT bilan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, O‘zbekiston raqobat siyosatining iqtisodiy va ijtimoiy samaralarini baholash, raqobat sohasidagi milliy qonunchilikni ekspert tahlildan o‘tkazish, shuningdek RCC tadbirlaridan birini O‘zbekistonda tashkil etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, Qo‘mita raisi joriy yilning 16–17-iyun kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan xalqaro konferensiyada IHTT vakilini spiker sifatida ishtirok etishi masalasini ham muhokama qildi.
O‘z navbatida, Ori Shvars Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti vakilini mazkur tadbirda spiker sifatida ishtirokini ta’minlashga tayyorligini bildirdi.
Ma’lumot uchun: Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) – barqaror iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash, davlat siyosatini takomillashtirish hamda raqobat muhitini rivojlantirishga ko‘maklashuvchi xalqaro tashkilot hisoblanadi.
IHTTning Raqobat masalalari bo‘yicha mintaqaviy markazi — Vengriyaning raqobat bo‘yicha organi (GVH) bilan hamkorlikda Budapesht shahrida tashkil etilgan markaz bo‘lib, raqobat siyosatini rivojlantirish, raqobat idoralarining institusional salohiyatini oshirish hamda xalqaro tajriba almashishga xizmat qiladi.








