Raqobatga qarshi kelishuvlar yuzasidan 11 ta avtomobillarga siqilgan gaz to‘ldirish shaxobchalariga nisbatan chora ko‘rildi
Samarqand viloyati, Payariq tumanida yashovchi fuqarolar tomonidan mazkur tumanda joylashgan avtomobillarga siqilgan gaz to‘ldirish shaxobchalarida (ASGTSh) siqilgan gaz narxlarining asossiz ravishda oshirilgani hamda qo‘shni tumanlardagi narxlarga nisbatan qimmatligi yuzasidan kelib tushgan murojaat asosida o‘rganish ishlari olib borildi.
Holat yuzasidan, Payariq tumani hamda unga qo‘shni tumanlarda joylashgan avtomobillarga siqilgan gaz to‘ldirish shaxobchalarida siqilgan gaz narxlari bo‘yicha iste’molchilar o‘rtasida monitoring va so‘rovnoma o‘tkazildi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, Payariq tumanida faoliyat yuritayotgan 12 ta ASGTShdan 11 tasida joriy yilning 5-yanvar sanasidan boshlab iste’molchilarga 1 m³ siqilgan gaz mahsuloti o‘rtacha 300 so‘mga bir vaqtda oshirilib sotilayotgani aniqlandi.
Ushbu subyektlar 8 ta MChJlar tasarrufida (“Temur-Bek”, “Sadaf Agro Servis”, “Raqobat Eko Gaz Servis” , “Jaxongir Prestij” , “Xudoyberdi Ramziddin Avtogaz”, “Amirxon Gaz Servis”, “Al-Asadbek Gaz Petrol Invest” va “Baxrin Gaz Oil” MChJlar).
Qo‘shni tumanlarda mazkur davrda siqilgan gaz narxlari o‘rtacha narxlar asosida sotilayotgan holda yuqoridagi subyektlarda esa bu narx ko‘rsatkichlarida o‘zgarish bo‘lganligi o‘z tasdig‘ini topgan.
Yuqoridagi aniqlangan holatlarga muvofiq, hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan yuqoridagi xo‘jalik yurituvchi subyektlarga nisbatan “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining 19-moddasi talablari ya’ni raqobatga qarshi muvofiqlashtirilgan harakatlar sodir etilganligi yuzasidan ishlar qo‘zg‘atilib, ishni ko‘rib chiqish yakunida belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llash bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Shuningdek, aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish hamda kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.








