BIOLOGIK FAOL QO‘ShIMChA DORI VOSITASI SIFATIDA SOTILGAN HOLAT ANIQLANDI
Raqobat qo‘mitasiga fuqaro tomonidan dorixonadan xarid qilingan BFQ tarkibi dori vositasi bilan bir xil ekanligi yuzasidan murojaat kelib tushdi. O‘rganish natijasida ushbu mahsulotning dori vositasi tarkibiga egaligi aniqlandi.
O‘rganishlar vakolatli organlar ishtirokida o‘tkazilib, BFQ sifatida sotilayotgan mahsulotni dori vositasi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish lozimligi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi tomonidan tasdiqlandi.
Avval ham aynan (https://t.me/RaqobatGovUz/9534) “MALIKA LABORATORIES” MChJ tomonidan “ORSA” dori vositasini ham “ORS” nomi bilan biologik faol qo‘shimcha sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilib ishlab chiqarilganligi aniqlanib, ruxsatnoma qonunda belgilangan tartibda Sanepidqo‘mitasiga qaytarish choralari ko‘rilgandi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, Raqobat qo‘mitasi tomonidan to‘plangan hujjatlar belgilangan tartibda chora ko‘rish hamda avval ro‘yxatdan o‘tkazilgan biologik faol qo‘shimchalarni inventarizatsiyadan o‘tkazish va berilgan xulosalarni qayta ko‘rib chiqish uchun Sanepidqo‘mitasiga taqdim etildi.
Ma’lumot o‘rnida:
O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq:
— ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) iste’molchiga tovar haqida o‘z vaqtida, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot taqdim etishi shart;
— noto‘g‘ri yoki to‘liq bo‘lmagan ma’lumot natijasida tovar sotib olingan bo‘lsa, iste’molchi shartnomani bekor qilish va zararni qoplashni talab qilish huquqiga ega;
— iste’molchilar o‘z huquqlarini himoya qilish maqsadida sudga murojaat etish huquqiga ega.








